O‘zbekiston-Yaponiya: energetika sohasida hamkorlik yanada mustahkamlanadi
Mamlakatimiz energetika sohasini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy texnologiya va investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Ana shunday hamkorlik istiqbollari bugun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Kenji Yamada o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi energetika sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish, mavjud loyihalarni samarali amalga oshirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Yaponiyaning yetakchi energetika kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning borishi ko‘rib chiqildi. Ular qatorida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirish hamda mamlakat gaz transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalar bor.
Shuningdek, tomonlar energetika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va uzoq muddatli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilash masalalariga e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish, amalga oshirilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston-Yaponiya energetika hamkorligini izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA