O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lmoqda – bu bizga nima beradi?
Parlament quyi palatasi majlisida deputatlar O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot banki (YATB) to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi masalasini muhokama qildi.
Mamlakatimizning mazkur bitimga qo‘shilishi o‘ziga xos tarixiy voqea sifatida milliy manfaatlarni ko‘zlagan ochiq, pragmatik investitsiya siyosatining mantiqiy davomi bo‘ladi.
Qayd etilganidek, 2014-yilda tashkil etilgan mazkur bankka bugungi kunda 11 ta davlat a’zo hisoblanadi. Hozirda bankning investitsiya portfeli jami 40 milliard dollar bo‘lib, 2027-yilga qadar investitsiyalar hajmini 45 milliard dollardan oshirish reja qilingan.

Yangi taraqqiyot banki, avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bo‘lib, unga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston mazkur nufuzli moliyaviy institutga a’zo bo‘lish orqali global investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan. O‘zbekistonning bankka a’zo bo‘lishi uchun to‘lanadigan kapitali 24,3 million dollarni tashkil etadi. Ushbu to‘lov 7 yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hamkorlik iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy infratuzilmani barpo etish va uzoq muddatli imtiyozli moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda muqobil va imtiyozli sarmoyalar oqimini ta’minlash imkonini beradi. Mamlakatimizga xalqaro moliyaviy maydonda o‘z manfaatlarini himoya qilish, energetika, infratuzilma, suv xo‘jaligi va transport sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yurtimizda yangi korxonalar va minglab ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA