O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida
“Misr mavqei” nashrida “Senat kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston parlamenti Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbarini qabul qildi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Maqolada Misr Senat kotibi o‘rinbosari Fibi Favzi O‘zbekiston Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova va unga hamroh bo‘lgan delegatsiya bilan uchrashgani batafsil yoritilgan.
Maqolada mulozim ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha sohalardagi qarashlar muvofiqligiga to‘xtalib, Misrning 2030 yilgacha bo‘lgan istiqboli bilan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi o‘rtasida katta o‘xshashlik mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, ikki do‘st xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni chuqurlashtirishda parlament a’zolarining o‘rni alohida ekanligi bayon qilingan.
Muallif o‘z navbatida, Malika Qodirxonova samimiy qabulni yuqori baholab, Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotganini ta’kidlaganini, 2024 yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari forumi konferensiyasiga taklif qilganini yozgan.
Uchrashuvda Misr Tashqi ishlar vaziri yordamchisining parlament ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, elchi Dina As-Saihi va O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansur Qilichev ishtirok etgani ta’kidlangan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA