“O‘zbekiston – Xitoy: SHHT doirasida hamkorlik”
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida “O‘zbekiston – Xitoy: SHHT doirasida hamkorlik” deb nomlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi.
Mazkur ijodiy loyiha O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari tahririyati, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Fotoko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, “Ishonch” – “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qurdatxo‘ja, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov mamlakatimizda Xitoy Xalq Respublikasi bilan iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy ijtimoiy-gumanitar aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
[gallery-24788]
Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli dunyoning turli davlatlari bilan teng, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda ayniqsa, SHHT doirasidagi faoliyatning yangi bosqichga ko‘tarilgani O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi mavqeini tobora mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Hamkorlikdagi dasturlarni amalga oshirishda media sohasi vakillari, ayniqsa, O‘zbekiston jurnalistlari, fotomuxbirlari ham faol ishtirok etmoqda. Ular nainki SHHT rasmiy uchrashuvlari, sammit va forumlarini, balki mazkur nufuzli tashkilotga a’zo davlatlarning iqtisodiy aloqalarini ham keng va teran tahliliy yondashuv asosida yoritmoqdalar.
Aytish kerakki, fotografiya – davr muhri sanaladi. O‘zbekiston va Xitoyning SHHT doirasidagi hamkorligini yoritish jarayonidagi media materiallar shunisi bilan ahamiyatliki, ular tarixda qoladi, yillar, davr silsilasi uchun g‘oyat qimmatli manba sanaladi.
[gallery-24789]
“O‘zbekiston – Xitoy: SHHT doirasida hamkorlik” nomli ko‘rgazma va tanlov uchun mamlakatimiz fotoijodkorlaridan 500 dan ortiq fotosurat kelib tushdi. Hay’at a’zolari tomonidan ulardan 94 tasi tanlab olinib, ko‘rgazma ekspozitsiyasiga joylashtirildi.
Mazkur fotoko‘rgazma O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik, tashqi siyosat sohasidagi misli ko‘rilmagan dadil qadamlarini ko‘rsatishi bilan birga, O‘zbekiston va Xitoyning SHHT doirasidagi hamkorligini ham batafsil ochib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda tanlovda ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan fotojurnalistlar taqdirlandi.
Mazkur ko‘rgazma bir hafta davom etadi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlar