O‘zbekiston veterinariya tizimi barqarorlashmoqda
Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga 70 dona muzlatkich topshirildi.
Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga 70 dona muzlatkich topshirildi.
“Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi asosida pandemiyaga tayyorgarlik va javob choralar” loyihasi doirasida topshirilgan muzlatkichlar butun mamlakatdagi veterinariya laboratoriyalari texnik imkoniyatini oshirishi aytildi.

– O‘zbekiston veterinariya tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish, hayvonlar va insonlar salomatligini muhofaza qilish maqsadida laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, veterinariya nazorati samaradorligini oshirishni reja qilganmiz, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Muzlatkichlardan tashqari, FAO tomonidan antibiotiklardan oqilona foydalanish, sut va parrandachilikda ulardan foydalanishni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 3000 nusxa bosma axborot materiallari ham topshirildi.

Anjumanda veterinariya shifokorlari va fermerlar uchun hayvonlar kasalliklari oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar tayyorlangani ma’lum qilindi. Ushbu materiallar mikroblarga qarshi chidamlilikni rivojlantirish xavfini minimallashtirish hamda mutaxassislar va fermerlar o‘rtasida xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

– FAO qo‘mita bilan uzoq vaqtdan beri faol hamkorlik qilib kelmoqda va biz veterinariya infratuzilmasini mustahkamlashda davom etamiz, – dedi Sherzod Umarov. – Yaqin kelajakda zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilish va topshirishni rejalashtirganmiz.
FAO ushbu loyihani va mamlakatimizda veterinariya xizmati moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilishga qaratilgan boshqa tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA