O‘zbekiston va Yaponiya tibbiyot sohasida 250 million dollarlik yangi loyihalarni amalga oshiradi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Yaponiyaning dunyoga mashhur “Sojitz Corporation” kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Kosuke Uemura boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan istiqbolli rejalar atroflicha muhokama qilindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilganidek, “Sojitz Corporation” global miqyosda yirik infratuzilmaviy va davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda mazkur kompaniya ishtirokida turli tarmoqlarda umumiy qiymati 5,87 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 12 ta yirik investitsiya loyihasi izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida ham o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuvda mehmonlarga Samarqand shahrida 800 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy, ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Umumiy qiymati 250 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu shifoxona bo‘yicha hozirda jadal tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda va uning “master reja”si (bosh rejasi) ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, muzokaralarda mamlakatimizning 4 ta hududida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi rejalashtirilayotgan yadro tibbiyot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Yadro tibbiyotini rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha tayyor bo‘lgach, uni xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirish uchun “Sojitz Corporation” kompaniyasiga taqdim etilishi kelishib olindi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash masalasiga alohida urg‘u berildi. Vazir E.Adilov yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilganini va o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha yaponiyalik sheriklar bilan doimiy hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu qo‘shma loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar hamda strategik sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA