O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanadi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizga yangi tayinlangan Yaponiyaning Favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Xirata bilan uchrashdi.
Parlament yuqori palatasi rahbari Kendzi Xiratani ushbu yuksak lavozimga tayinlangani bilan samimiy tabriklab, uning boy diplomatik tajribasi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik hamda kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash, parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatining samaradorligini oshirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Senat Raisi Yaponiya elchisini joriy yil 14 - 15-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumiga taklif qildi. Shuningdek, joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasi haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
N.Abduraimova, O‘zA