O‘zbekiston va Xitoy to‘qimachilik sohasida raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xitoyning “Shaoxing Huangxi Intelligent Group” kompaniyasi o‘rtasida to‘qimachilik sanoatida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda uyushma axborot xizmati ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda korxonalar samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Memorandum doirasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish hamda qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar qayd etganidek, ushbu hamkorlik O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish va raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA