O‘zbekiston va Vengriya farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Vengriya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Vengriya eksportni rivojlantirish agentligi (HEPA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, dori vositalari va tibbiy jihozlar sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Vengriya tomonidan Elchining tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi (attashe) Marton Kovach hamda HEPA vakolatxonasi rahbari Vanik Yanosh, Markaz tomonidan esa direktor Alisher Temirov boshchiligidagi malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida asosiy e’tibor dori vositalari va tibbiy jihozlarni sertifikatlash sohasidagi hamkorlik istiqbollariga qaratildi. Tomonlar sertifikatlash tizimiga ilg‘or xalqaro amaliyotlarni faol joriy etish, soha mutaxassislari o‘rtasida muntazam tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish hamda farmatsevtika sohasidagi institutsional sheriklikni mustahkamlash yuzasidan qizg‘in fikr almashdi. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqining bu boradagi boy va samarali tajribasini o‘rganish O‘zbekiston farmatsevtika bozori xavfsizligini yanada yuqori darajaga ko‘tarishda muhim omil bo‘lishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv kun tartibidan Vengriyaning yetakchi va dunyoga mashhur farmatsevtika korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalari ham joy oldi. Ichki bozorimizni sifatli hamda xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, yurtimizda sohaga oid istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari alohida diqqat markazida bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Vengriya Yevropa Ittifoqi hududida farmatsevtika sanoati eng yuqori darajada rivojlangan va kuchli ilmiy-ishlab chiqarish salohiyatiga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shu bois, mazkur hamkorlik nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va farmatsevtik aloqalarni mustahkamlashga, balki O‘zbekiston aholisi uchun zamonaviy, xavfsiz va yuqori sifatli tibbiy vositalarning keng turlarini taqdim etishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘tarilgan barcha masalalar bo‘yicha ijobiy natijalarga erishish, farmatsevtika sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklikni faol davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA