O‘zbekiston va UNICEF: Bolalar salomatligi va ta’limi yo‘lidagi mustahkam hamkorlik
11 dekabr – UNICEF tashkil topgan kun
Bu dunyoda boladek beg‘ubor, samimiy, e’tibor va ko‘makka muhtoj inson bo‘lmasa kerak. Shu boisdan qaysi millat yoki davlat bo‘lmasin eng avvalo bolalarning huquq manfaatlarini himoya qilish, ularni turli yomonliklardan asrash, himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratadi.
BMTning eng yirik tashkilotlaridan biri bo‘lgan UNICEF (United Nations International Children’s Emergency Fund) ham bolalarning himoyasiga yo‘naltirilgan dunyodagi eng yirik tuzilmalardan biridir. Tuzilma 1946 yil 11 dekabrda tashkil etilgan. Avvaliga, Ikkinchi jahon urushida jabrlangan bolalarni qutqarish va ularga yordam ko‘rsatish uchun, keyinroq ya’ni, 1953 yilda UNICEF BMTning doimiy agentligiga aylantirilgan va butun dunyoda bolalar huquqlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faoliyat yurita boshlagan.
Tashkilotning asosiy yo‘nalishlari tibbiy salomatlik, emlash (vaksinatsiya) dasturlari, ochlik va oziqlanishni yaxshilash, onalar va chaqaloqlarni qo‘llab quvvatlash, ta’lim va inklyuziv maktab tarbiyasi, bolalar huquqlari va ijtimoiy himoya, zo‘ravonlikdan himoya, oilalarni qo‘llab quvvatlash, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat. Shu bilan birga, suv, sanitariya va gigiyena, bolalarga oid ma’lumot yig‘ish, tahlil qilish va davlat siyosatlariga tavsiyalar berish kabi vazifalarni bajaradi.

UNICEF BMTning bir qismi sifatida dunyodagi 190 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi. Tuzilma bolalar hayoti va huquqlarini himoya qilishda global standartlarni belgilaydi va mamlakatlarga amaliyotda yordam ko‘rsatadi.
Ushbu tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ish boshlaganiga 31 yil bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida UNICEF davlat organlari, mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birga bolalar va oilalar hayotini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirdi. Bundan tashqari, tuzilma ayollar va bolalar oziqlanishi, bolalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish va parvarishni targ‘ib etadi. Masalan, 2019 yilda o‘lkamizda oziqlanish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda ayollar va chaqaloqlar parvarishi, bolalar tarbiyasi, vitamin yoki yod tanqisligi masalalari o‘rganilgan. Bu choralar ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda yosh oilalar va bolalar salomatligini saqlash, infeksiyalardan himoya, sog‘lom o‘sish va rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
UNICEFning yana bir muhim yo‘nalishi – ta’lim va inklyuziv maktab tarbiyasidir. Tuzilma maktab ta’lim tizimida sifatni, inklyuziv yondashuvni joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi. 2022 yildan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mamlakat bo‘ylab 225 ta maktab inklyuziv ta’lim uchun eshik ochdi. 2023-2025 yillarda Islamic Development Bank (IDB) bilan hamkorlikda bog‘cha tarbiyachilari uchun pedagogik malaka oshirish markazlari tashkil etildi. Ularda zamonaviy ta’lim usullari, multimedia kabi yangi metodologiyalar joriy etilmoqda.
UNICEFning diyorimizdagi vakolatxonasi ma’lum qilishicha, yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va UNICEF o‘rtasida ta’limda sifat va inklyuzivlikni oshirishga yo‘naltirilgan ikkita investitsiya hamkorlik shartnomasi imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 19.2 million AQSH dollarni tashkil etadi. “ACG-GPE SmartEd” loyihasi doirasida pedagoglarning malakasi oshiriladi, ta’lim tizimi modernizatsiya qilinadi va bolalar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv va zamonaviy ta’lim imkoniyatlari kengaytiriladi.

Mazkur loyiha joriy yil 10 aprelda UNICEF, UNDP, “Yuksalish Movement” va “Swiss Agency for Development and Cooperation” (Shveysariya) bilan hamkorlikda rasman ishga tushirildi. Dastur bir qator shaharlarda sinovdan o‘tgan va yoshlar, bolalar, nogironligi bo‘lgan yoshlar ishtirokida mahalliy xizmatlar va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
E’tirof etish kerak, 2025 yilda O‘zbekiston rasman “Global Alliance for the Elimination of All Violence and Threats Against Children” (Bolalarga nisbatan barcha turdagi zo‘ravonlik va tahdidlarni tugatish bo‘yicha global alyans) safiga qo‘shildi.
So‘nggi ikki yil ichida UNICEF 15 milliondan ortiq odamni, ya’ni, aholining 42 foizini sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq eng muhim xizmatlar bilan qamrab oldi. 2021 yildan beri O‘zbekistondagi bolalar sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan dasturlar uchun 25 million dollar sarmoya kiritdi. Hukumat bilan birga olib borilgan sa’y-harakat natijasida mamlakatda bolalar o‘limi 75 foizga kamaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda 700 ming yangi tug‘ilgan chaqaloqqa perinatal yordam ko‘rsatish yaxshilandi. Shu tariqa minglab bolakaylar hayoti saqlab qolindi.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijioning so‘zlariga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikning samarasi o‘laroq, O‘zbekiston maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishda dunyo miqyosida eng jadal o‘sish sur’atini namoyon etdi. Hozirda maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT)ga bolalarni qamrab olish darajasi 70 foizdan oshgan. Shuningdek, yurtimizdagi barcha viloyatlarda MTT pedagoglarini tayyorlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqinda UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sun’iy intellektga asoslangan “Eduten” raqamli matematika platformasidan foydalanish natijasini taqdim etdi. Bu sinov loyihasi matematika bo‘yicha ko‘nikmani o‘rtacha 16,9 foiz yaxshiladi, ta’lim samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Tizimdan foydalangan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi ushbu platformadan foydalanmagan tengdoshlariga nisbatan yuqori ekanligi kuzatildi.
UNICEF bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlarini yanada yaxshilash maqsadida hukumatimiz bilan hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Bolalarni himoya qilish dasturi zo‘ravonlikni aniqlash va bunday salbiy holatga javob berish, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga muvofiqlashtirilgan ko‘p tarmoqli yordam xizmatini ko‘rsatish uchun ijtimoiy ishchi, psixolog, adliya tizimi xodimi kabi mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Umuman olganda, mamlakatimizda hukumat tomonidan ertangi kun egalari manfaatini himoya qilish borasida olib borilayotgan barcha xayrli islohotlarda UNICEF ham faol ishtirok etmoqda, deyish mumkin.
Go‘zal Sattorova, O‘zA