O‘zbekiston va Turkiya: Sheriklik munosabatlari kengaymoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatovning Turkiya Respublikasi Buyuk Millat majlisi Xavfsizlik va razvedka komissiyasi raisi Veysal Tipio‘g‘lu bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida Anqaraga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlab, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Muloqot davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda Qonunchilik palatasining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, V.Tipio‘g‘lu samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik yangilanishlar va parlamentarizmni rivojlantirish sohalaridagi islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Do‘stlik guruhlarining rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish kabi masalalarga urg‘u qaratildi.
M.Komilova,
O‘zA