O‘zbekiston va Turkiya imtiyozli savdoni rivojlantiradi
Turkiya Respublikasi savdo vaziri o‘rinbosari Mustafo Tuzju boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Mustafo Tuzju hamraisligida ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Muloqot davomida tenglik asosida imtiyozli savdo tizimi tatbiq etiladigan mahsulotlar ro‘yxatini yanada kengaytirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, muzokaraning uchinchi davrasi yakuni bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. Shuningdek, ikki tomonlama manfaatli qo‘shimcha tovar turlarini ro‘yxatga kiritish bo‘yicha erishilgan natijani mustahkamlovchi yakuniy bayonnoma imzolandi.
Qabul qilingan qarorlar o‘zaro savdo-sotiqni jonlantirish, eksport-import amaliyoti ko‘lamini kengaytirish hamda tovar ayirboshlash qiymatini 5 milliard dollarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadam ekani ta’kidlandi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA