O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari samarali muzokaralar natijalarini sarhisob qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Ko‘ksaroy qarorgohida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi yakunlari yuzasidan fikrlari bilan bo‘lishdilar.
Mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston birodar Tojikistonning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, inflyatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish borasida erishayotgan yuksak natijalaridan chin dildan mamnun ekanini ta’kidladi.
Tojikiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir. Mamlakatlarimiz maqsadlari, qarash va intilishlari mushtarak ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlar va hukumatlar, hududlar rahbarlari va ziyolilar darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetdi. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda mamlakatimizda 500 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.


Transport sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida haftasiga o‘nta aviareys amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti bugungi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari, boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar hamda Davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi davomida masalalarning keng doirasi muhokama qilindi, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari belgilab olindi.
Barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muloqotni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.


Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlariga alohida dastur asosida tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirildi.
Shu maqsadda “Oybek – Fotihobod” savdo zonasini tashkil etish tezlashtiriladi, energetika, geologiya, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda ikki milliard dollarlik tashabbuslarni o‘z ichiga olgan Kooperatsiya dasturi amalga oshiriladi.
Tomonlar ushbu loyihalarni ilgari surish uchun Qo‘shma investitsiya kompaniyasining salohiyatidan faol foydalanishga kelishib oldilar.
Transport va tranzit sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Yuk tashishda elektron ruxsatnoma berish tizimini joriy etish to‘g‘risida bitim imzolandi, shuningdek, havo va temir yo‘l transporti qatnovlarini kengaytirish hamda chegara o‘tkazish punktlarining quvvatini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ushbu o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi – biznes va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish drayveri sifatida hududlar salohiyatini ishga solish.


Suv va energetika sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat aloqalarining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
“Yashil” energetika sohasida yirik loyihalarni birgalikda ilgari surish hamda suv taqsimoti, suv inshootlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish masalalarini muvofiqlashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ko‘prigi bo‘lib qolmoqda. Hamkorlik doirasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy do‘stligi haqida film tayyorlandi, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga esa Dushanbe shahri nomi berildi.
Yillik taqvim asosida ta’lim, turizm va yoshlar yo‘nalishlarida faol almashinuvlarni davom ettirish niyati bildirildi.
Ikki mamlakatdagi yirik o‘zbek va tojik diasporalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy markazlarni keng rivojlantirish, ona tili, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash maqsadida Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.
Yakunda ushbu tarixiy tashrif natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlab, birodar mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishi va ravnaqiga har tomonlama xizmat qilishi qayd etildi.