O‘zbekiston va Serbiyaning do‘stona munosabatlari ikki xalq manfaatlariga xizmat qiladi
Serbiya Respublikasiga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Serbiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot vaziri Andriana Mesarovich bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya Prezidentlari o‘rtasida shakllangan do‘stona munosabatlar ikki xalq manfaatlariga xizmat qiladigan muhim loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, davlat rahbarlarining mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi sa’y-harakatlari va islohotlarga bo‘lgan intilishi ko‘p jihatdan mushtarak ekani qayd etildi.
Andriana Mesarovich Serbiya Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. U O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakatning iqtisodiy salohiyati va hamkorlik istiqbollari yuqori ekaniga shaxsan amin bo‘lganini bildirdi.
Tanzila Norboyeva keyingi yillarda O‘zbekiston va Serbiya jadal rivojlanayotgan davlatlar qatorida ekanini qayd etib, ikki mamlakatning maqsad va intilishlari mushtarakligini ta’kidladi. Bu mushtaraklik, avvalo, davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlarida yaqqol namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar izchil o‘sib borayotgani, keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga, hamkorlik salohiyati hali to‘liq ishga solinmagani ta’kidlanib, yengil sanoat, qurilish, turizm, kreativ iqtisodiyot, harbiy-sanoat sohasi, ta’lim va madaniyat kabi yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish, mehnat migratsiyasi sohasida tajriba almashish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan hujjatlar amaliy hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etilib, ularni hayotga samarali tatbiq etish maqsadida hukumatlar va parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligiga urg‘u berildi.

Tomonlar mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiluvchi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, hamkorlikka to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Norgul Abdurimova,
O‘zA