O‘zbekiston va Ozarbayjon – umumiy ildizlardan tug‘ilgan strategik hamkorlik
O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari nafaqat bugunning, balki kelajakning ham strategik hamkorlik modelidir. Umumiy tarix, madaniyat va qadriyatlarga asoslangan aloqalar bugungi yangi geosiyosiy sharoitda yanada mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-18-may kunlari amaliy tashrif bilan Boku shahriga tashrif buyurib, BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida o‘tkazilgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida ishtirok etdi.
“Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusidagi forum shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash kabi ko‘plab masalalarni qamrab oldi.

Avvalgi oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar faqat diplomatik aloqalar tarixi bilan cheklanmaydi. Asrlar sinovidan o‘tgan umumiy xotira – til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida qurilgan. Har ikki xalqni birlashtiruvchi milliy urf-odatlar ushbu aloqalarning poydevorini tashkil etadi. Shu jihatdan o‘zaro munosabatlar klassik davlatlararo hamkorlik modelidan ko‘ra ko‘proq birodarlik munosabatlarining yorqin namunasi sifatida baholanadi.
Tarix davomida xalqlarimiz murakkab va sinovli davrlarda bir-biriga tayanch bo‘lishni uddalagan. XX asrning 30 yillarida yuz bergan repressiyalar davrida minglab ozarbayjonliklarning O‘zbekistonda boshpana topishi bu birodarlikning eng yaqqol namunasidir. Shuningdek, 1966-yilda Toshkentda yuz bergan vayronkor zilziladan so‘ng shaharning tiklanishida ozarbayjonlik mutaxassislar va ishchilarning faol ishtiroki ikki xalq o‘rtasidagi birdamlikning tarixiy ifodasi sifatida qayd etilgan.
Bugungi kunda ham O‘zbekistonda yashayotgan o‘n minglab ozarbayjonliklar mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib, do‘stlik ko‘prigini yanada mustahkamlamoqda.
Mustaqillik davrida esa ushbu aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. 1995-yil 2-oktabrda diplomatik munosabatlarning rasmiy o‘rnatilishi bilan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy bazasi shakllana boshladi. Qisqa vaqt ichida o‘zaro elchixonalarning faoliyat boshlashi, yuqori darajadagi tashriflarning faollashuvi munosabatlarning jadal rivojlanishiga turtki berdi. Natijada Ozarbayjon-O‘zbekiston aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘rnatilgan samimiy va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar hamkorlikning kengayishida muhim rol o‘ynamoqda.
Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va imzolanayotgan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikning tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Buni ikki davlat o‘rtasida imzolangan hujjatlar ham tasdiqlaydi. O‘zaro hamkorlik faqat siyosiy soha bilan cheklanmaydi. Savdo, iqtisodiyot, gumanitar, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida ham munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Hukumatlararo komissiya faoliyati bu borada muhim mexanizm vazifasini bajarmoqda.
Mamlakatimiz tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashdir. O‘zbekiston bu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning eng yirik va jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar Turkiy davlatlari tashkiloti kabi ko‘p tomonlama platformalar doirasida ham muvaffaqiyatli davom etmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar esa ushbu munosabatlarning eng chuqur qatlamini tashkil etadi. Buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviyning ijodi xalqlarimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tagan. Navoiyning “Xamsa” asarini Nizomiy an’analaridan ilhomlanib yaratgani bu madaniy yaqinlikning ramziy ifodasidir. Bakuda Navoiy, Toshkentda Nizomiy haykallarining o‘rnatilishi o‘zaro hurmatning yorqin dalilidir.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun kasb etib, yanada keng hududni qamrab olmoqda. Ayniqsa, yashil energetika, transport, logistika va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bermoqda. Uch tomonlama va ko‘p tomonlama tashabbuslar mintaqada barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga bergan qat’iy qo‘llab-quvvatlovi ham munosabatlarning strategik xarakterini yana bir bor tasdiqlaydi. Qorabog‘ mojarosi davrida Ozarbayjonning adolatli pozitsiyasining qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, ozod etilgan hududlarda olib borilayotgan tiklash va qurilish ishlariga qo‘shilgan hissa bu birodarlikning amaliy ifodasidir.
O‘zbekistonning Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga bergan qat’iy qo‘llab-quvvatlovi ham munosabatlarning strategik xarakterini yana bir bor tasdiqlaydi. Qorabog‘ mojarosi davrida Ozarbayjonning adolatli pozitsiyasining qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, ozod etilgan hududlarda olib borilayotgan tiklash va qurilish ishlariga qo‘shilgan hissa bu birodarlikning amaliy ifodasidir. Xususan, 2008-yil 14-martda BMT Bosh Assambleyasida ovozga qo‘yilgan “Ozarbayjonning bosib olingan hududlaridagi vaziyat” nomli rezolyutsiya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona bo‘lib “ha” deb ovoz bergan.
Shuningdek, 2021-yil 31-martda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan norasmiy sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonni Qorabog‘ning qaytarilishi va tarixiy adolatning tiklanishi munosabati bilan tabriklagan. Fuzulida qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab esa xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylangan. 2022-yilda Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkent markazida Umummilliy lider Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlangan burchakning ochilishi O‘zbekiston xalqining Ozarbayjon xalqiga bo‘lgan chinakam birodarlik munosabatining ifodasidir.
Prezident Ilhom Aliyevning 2004-yil 23-24-mart kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi davomida “Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida Bayonot” imzolandi. Strategik sheriklikning asosini tashkil etgan ushbu hujjatda tomonlar Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga, BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari va YXHT qarorlarini bajarishga qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirganlar.
Prezident Ilhom Aliyev 2024-yili O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusida: “Barcha tashriflar Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlarini nafaqat ikki tomonlama asosda, balki Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini o‘z ichiga olgan yagona geografik makonda yangi hamkorlik imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlashga sezilarli turtki berdi”, deya ta’kidlagan edi.
O‘zaro samimiy munosabatlar nafaqat ikki davlat, balki butun turkiy dunyoning rivojiga muhim hissa qo‘shmoqda. Ishonchga asoslangan birodarlik munosabatlari esa kelajakda yanada chuqurlashib, xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Banuchichek Kalbaliyeva,
Boku Davlat universiteti tadqiqotchisi,
“Sharq” gazetasi muxbiri.
O‘zA