O‘zbekiston va Misr suv resurslarini boshqarishda hamkorlikni rivojlantiradi
Suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bugungi kunda suv xo‘jaligi sohasidagi muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida xorijiy tajribani o‘rganish hamda ilg‘or yechimlarni amaliyotga tatbiq etish sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kunlarda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrifning dastlabki tadbirlaridan biri Misr Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Hani Suveylem bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda ikki mamlakatning suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, suv tanqisligiga qarshi choralar, sug‘orma dehqonchilik, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish va iqlim sharoitiga mos suv boshqaruvi bo‘yicha fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tarixiy ilmiy munosabatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Farg‘ona zaminidan yetishib chiqqan Ahmad al-Farg‘oniyning Misrdagi ilmiy faoliyati, xususan, 861 yilda Qohira yaqinidagi Ravda orolida Nil daryosi suv sathini o‘lchash uchun “Miqyos an-Nil” inshootini takomillashtirgani ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy aloqalarning muhim namunasi sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, Misrning cho‘l hududlarini o‘zlashtirishga qaratilgan “Mostaqbal Misr” loyihasi doirasidagi tajriba o‘rganilmoqda. Tomonlar aylanma sug‘orish texnologiyalari, drenaj suvlarini tozalash va qayta foydalanish, gidrogeologiya, energiya tejamkorligi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markaziga ham tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va yaylovlarni boshqarish sohalaridagi ilmiy-amaliy ishlar bilan tanishdi.
Xizmat safari doirasida “Mostaqbal Misr” loyihasi, Cho‘l tadqiqotlari markazi, Milliy suv tadqiqotlari markazi, Vadi-El-Natrun hududidagi suv xo‘jaligi ob’ektlari va Saxa qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot stansiyasi faoliyatini o‘rganish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, raqamli moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik, urug‘chilik va iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif natijalari asosida suv va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA