O‘zbekiston va Koreya rassomlarining ijodiy ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Koreya va O‘zbekiston rassomlarining ijodiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz va Janubiy Koreya rassomlarining 100 dan ortiq asarlari namoyish etildi.

Ma’lumki, yurtimiz uchun do‘stona va diplomatik munosabatlar katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida barcha jabhalarda, jumladan, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ishonchli va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada, ikki sharq xalqlarining o‘ziga xos Yevropa tasviriy san’at maktabi va milliy madaniyatining ijodiy tandemi namoyish etildi.
Vernisajda namoyish etilgan asarlar mavzulari xilma-xil.

Xususan, O‘zbekiston va Koreyaning realistik manzaralari, primitiv uslubda chizilgan natyurmortlar, Osiyoning animalistik syujetlari, predmetsiz kompozitsiyalarda chiziq va yorqin boy ranglar palitrasi ustunlik qilgan.

Tomoshabinlar ko‘rgazma davomida o‘ziga xos va ko‘p qirrali bo‘lgan ikki yetakchi Osiyo san’at maktabini solishtirish va zavqlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ko‘rgazma 20 iyulgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA