O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida san’at sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Koreya Respublikasida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada tahsil olayotgan, yurtimiz madaniyati, san’ati va ona tilini targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iqtidorli o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi.

Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlarning fikr va takliflari tinglanib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va ilmiy faoliyati uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Janubiy Koreya kino sohasida muayyan yutuqlarga erishayotgan yosh aktyor va boshlovchi Nuriddin Ahmedov ham ishtirok etdi. U Netflix, Disney va Amazon platformalaridagi loyihalarda turli rollarni ijro etgan o‘zbekistonlik aktyorlardan biri sifatida o‘z tajribasi va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Nuriddin Ahmedov O‘zbekistonda kino san’atiga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etib, yurtimiz tarixi va milliy qadriyatlariga bag‘ishlangan filmlarni suratga olish loyihalarida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Jeonbuk National University doktoranti, «Turon» o‘zbek milliy-etnik folklor ansambli rahbari Nuriddin Bozorov ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ansambl faoliyatida nafaqat o‘zbekistonlik, balki koreyalik yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zbek milliy musiqasi va maqom namunalarini katta qiziqish va mahorat bilan ijro etmoqda. Nuriddin Bozorov Janubiy Koreyada o‘zbek diasporasi ko‘p istiqomat qiladigan hududlardan birida O‘zbek madaniyati markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Baekseok University magistranti, madaniy turizm yo‘nalishi mutaxassisi Dilovar Tojiboyeva esa o‘zbek xalqi madaniyati va san’atini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan O‘zbek – Koreya madaniyati va san’ati jamiyatini tashkil etish taklifini bildirdi.
Muloqot davomida yoshlarning xorijdagi faoliyati, milliy madaniyat va san’atni targ‘ib etishga oid tashabbuslari, shuningdek, kelgusidagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir vazir Ozodbek Nazarbekov hamda Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbek va koreys yoshlaridan tashkil topgan «Turon» folklor ansamblining ijodiy chiqishi bilan yakunlandi.
Aytish kerakki, Janubiy Koreyada o‘tkazilayotgan «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bu gal nafaqat konsert va tomosha tadbirlari, balki ta’lim, ilm-fan, san’at, yoshlar va madaniy diplomatiya yo‘nalishlarini qamrab olgan keng ko‘lamli muloqot maydoniga aylanmoqda.

Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikning ta’lim va yoshlar bilan uyg‘unlashishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga yangi mazmun bag‘ishlamoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandumlarning imzolanishi, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishilishi, shuningdek, xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan bevosita muloqotlarning yo‘lga qo‘yilishi bu jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Madaniyat xalqlarning ma’naviy xotirasini asrabgina qolmay, ularning kelajagini ham bir-biriga bog‘laydi. Shu ma’noda, bugungi muloqotlar milliy san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri