O‘zbekiston va Belarus agrosanoat hamkorligi: 35,5 million so‘mlik 11 shartnoma imzolandi
Xivada O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining IV biznes-forumi doirasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
“Agrosanoat majmuasida hamkorlik: oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar” mavzusidagi 2-sho‘’ba yig‘ilishida ikki mamlakat parlamentlari a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari, ilmiy doiralar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Tadbirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, zamonaviy agrotexnologiya va biotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish, fitosanitar xavfsizlikni kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va tarmoqqa investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, bugungi sharoitda agrosanoat sohasida hamkorlikni oddiy tovar ayirboshlash bilan cheklab qo‘ymasdan, texnologiya, investitsiya, ilm-fan va qo‘shma ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalarda agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning amaliy yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, Belarusda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasini O‘zbekistonda bosqichma-bosqich lokalizatsiya qilish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va yangi investitsiya loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Chorvachilik sohasida esa samarali oziqlantirish texnologiyalarini joriy etish, genetika va veterinariya yo‘nalishlarida tajriba hamda texnologiya almashinuvini kengaytirish istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishda ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham keng o‘rin berildi. Jumladan, o‘simliklarni himoya qilishda biologik usullardan foydalanish, seleksiya va urug‘chilikni rivojlantirish, agrobiotexnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda agrosanoat tarmog‘i uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda bildirilgan tashabbuslar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida agrosanoat sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ko‘rsatdi.
Eng muhimi, muhokamalar aniq amaliy natija bilan yakunlandi. Sho‘’ba yig‘ilishi yakunida umumiy qiymati 35,5 million so‘m bo‘lgan 11 ta shartnoma imzolandi.

Bu kelishuvlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi kooperatsiyani mustahkamlash, yangi loyihalarni ishga tushirish va agrosanoat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA