O‘zbekiston va Afg‘oniston “yashil yo‘lak”ni joriy etishga tayyorlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi hamda Afg‘oniston bojxona organlari mas’ul vakillari o‘rtasida onlayn formatda ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi bojxona hamkorligini yanada rivojlantirish, amaldagi kelishuvlarni takomillashtirish hamda chegara bojxona postlarida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Hayraton–Ayritom” chegara bojxona posti orqali yuk transport vositalari harakati bilan bog‘liq mavjud muammolar ko‘rib chiqildi. Xususan, transport vositalarining to‘planib qolishi hamda rekonstruksiya ishlari sababli yuzaga kelayotgan noqulayliklar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, tomonlar chegara orqali o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qiluvchi “yashil yo‘lak” mexanizmini joriy etish, axborot almashinuvi tizimini takomillashtirish hamda bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muloqot davomida bojxona sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi yangi ikki tomonlama bitim loyihasi ham muhokama qilindi. Afg‘oniston tomoni “yashil yo‘lak” mexanizmi bo‘yicha o‘z takliflarini tez kunlarda taqdim etishini ma’lum qildi. Shuningdek, axborot almashinuvi masalalari yuzasidan ham rasmiy pozitsiya qisqa muddatlarda bildirilishi qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni yuk tashish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud muammolarni birgalikda hal etish, amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Sh.Mamaturopova, ЎзА