O‘zbekiston – Turkmaniston: ishonchli va muhim hamkorlar
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash borasida faol tashqi siyosat olib bormoqda.
Qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 94-maqsadida Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish alohida qayd etilgan.
O‘zbek va turkman xalqlari qadimdan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan bir daryodan suv ichib yashab kelgan. Ushbu xalqlarning tarixiy ildizlari va dini birligi, tili, madaniyati, an’analarining mushtarakligi O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik hamkorlikning huquqiy asosi sifatida qator tarixiy hujjatlar imzolandi. Do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro yordamni ayamaslik mazmunidagi 1996 yil 16 yanvar, 2004 yil 19 noyabr va 2007 yil 18 oktyabrdagi kelishuv, 2017 yil 1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida shartnomani (Ashxobod, 2017 yil 6 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni qabul qilindi.
O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi o‘sish sur’atlarini ifodalash uchun raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yildan buyon davlat rahbarlarining o‘zaro 14 tashrifi amalga oshirildi. 2016 yil o‘zaro savdo-sotiq ko‘rsatkichi 200 million dollardan sal ziyodroq bo‘lgan. 2021 yil yakunida bu raqam 902 million dollarni tashkil etdi. Shuningdek, 2021 yil O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida temir yo‘l transporti orqali 1,7 million, avtomobilda esa 0,3 million, jami ikki million tonna xalqaro yuk tashilgan. Bu 2020 yil bilan solishtirilganda 18 foiz ko‘p.
Ayni paytda yurtimizda faoliyati Respublika turkman madaniy markazi tomonidan muvofiqlashtiriladigan 6 ta turkman madaniy markazi mavjud. O‘zbekistondagi turkman diasporasi 200 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, O‘zbekistonda ta’lim turkman tilida olib boriladigan 44 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi mutaxassislari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tili o‘qituvchilari tayyorlanmoqda.
bugungi kunda Turkmaniston O‘zbekistonning yaqin strategik hamkorlaridan biridir. O‘zbekiston Turkmaniston bilan BMT, MDH, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida faol muloqot va o‘zaro hamkor hisoblanadi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ilk xorijiy tashrifini 2017 yilning 6-7 mart kunlari Turkmanistondan boshlagan. Ushbu safar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sohasida tub burilish yasadi. Ochiq, o‘zaro ishonch singdirilgan muloqot o‘rnatilishi, shuningdek, ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik barcha yo‘nalishlardagi munosabatni yanada kengaytirish uchun asos yaratdi.
So‘nggi yillarda ikki do‘st davlat o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yilning 14-15 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan edi. Mazkur tashrif mobaynida Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot imzolagan. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari tomonidan jami 19 ta bitim imzolangan.
Xususan:
– Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Amudaryo suv resurslarini boshqarish, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risida bitim;
– Tashabbusli ilmiy-tadqiqot loyihalarining qo‘shma tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
– 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi;
– 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida dastur;
– 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi – Savdo markazini tashkil etish va faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim qoidalarining amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.
Shuningdek, kimyo tarmog‘i, bojxona, temir yo‘llar, muzeylar, adliya, yoshlarga doir siyosat, teleradioeshittirish va boshqa sohalardagi hamkorlik yuzasidan qator hujjatlar imzolangan.
Mazkur ishlarning mantiqiy davomi ularning ijro natijalari sifatida, joriy yilning 20-21 oktyabr kunlari Prezidentimiz rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga safar qilmoqda. Tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar, hujjatlar imzolanishi va qator boshqa tadbirlar o‘rin olgan. Ashxobodda “Toshkent” bog‘ining ochilish marosimida qatnashish va O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini barpo etish ishlariga start berish ko‘zda tutilgan.
Xulosa o‘rnida qayd etish mumkinki, ushbu tashrif ikki qardosh xalqning hayoti va taqdiri uchun muhim bo‘lgan ustuvor masalalarni yana bir bor muhokama qilish, asrlar mobaynida shakllanib kelgan do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro siyosat maydonida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan yuzma-yuz uchrashib fikr almashishga xizmat qilishi, shubhasiz.
To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20-21 oktyabr kungi Turkmanistonga boshlanayotgan tashrifi va uning samarali natijalari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli turtki beradi, imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar esa mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali, an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti.
O‘zA