O‘zbekiston – Turkiya: ekologik hamkorlik
Yoshlar ishlari agentligida Agentlik direktori Alisher Sa’dullayev va Turkiya Respublikasi Atrof-muhit agentligi raisi Ferhat Pirinchchi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ekologik va ijtimoiy loyihalar bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni yaratish, ularga sug‘orish tizimini o‘rnatish, Nurafshon shahridagi 7 gektar maydonda “Yoshlar bog‘i”ni barpo etish va ushbu jarayonlarda turkiyalik yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash takliflari ilgari surildi.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va tabiatni asrash madaniyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan “Yashil makon” multiplikatsion seriallarini yaratish loyihasi ham muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Ferhat Pirinchchi agentlik binosida tashkil etilgan eng ommabop loyihalar bilan ham yaqindan tanishdi.

Jumladan, “Mutolaa” loyihasi doirasida yaratilgan “Qo‘rqma” hujjatli filmiga katta qiziqish bildirdi. Mehmon mazkur filmning turk tilida ham tayyorlanganini ko‘rib, o‘zbek yoshlari orasida turk tiliga nisbatan katta qiziqish va e’tibor borligini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA