O‘zbekiston – Tojikiston: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik qay darajada?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil ravishda kengayib bormoqda. Hamkorlik nafaqat savdoni, balki sanoatning turli tarmoqlaridagi kooperatsion aloqalarni, xususan, energetika hamda qishloq xo‘jaligi sohalarini ham qamrab olmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish maqsadida mustahkam huquqiy baza shakllantirilgan. Jumladan, 2018-yilda strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2024-yilda esa ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.
Tojikiston O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. U import qiluvchi davlatlar orasida 9-o‘rinni egallaydi va O‘zbekiston eksportining 2 foizi Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo erkin savdo rejimida amalga oshiriladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yaqinlashmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2017-2025-yillar davomida O‘zbekistonning Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga, ya’ni 237,9 mln. dollardan 912,4 mln. dollargacha oshdi. Eksport hajmi 3,7 barobarga o‘sib, 186,1 mln. dollardan 683,1 mln. dollargacha yetdi. Import esa 4,4 barobarga oshib, 51,8 mln. dollardan 229,3 mln. dollargacha ko‘paydi. O‘zaro savdoda O‘zbekiston uchun ijobiy savdo saldosi ham 3,4 barobarga o‘sib, 134,3 mln. dollardan 453,8 mln. dollargacha yetdi.
2025-yilda 2024-yilga nisbatan tovar ayirboshlash hajmi 29,9 foizga, eksport 24,1 foizga, import esa 13,8 foizga oshdi.
2025-yilda Tojikistonga eksport tarkibi quyidagi tovar pozitsiyalaridan iborat bo‘lib, jami 683,1 mln.dollar, jumladan: sanoat mahsulotlari (turli trikotaj buyumlari, kigiz va fetrdan tayyorlangan mahsulotlar, plastmassa buyumlari, metall prokati va boshqalar) – 222,7 mln.dollar (32,6 foiz), mashina va transport uskunalari (elektrotexnika va boshqa tovarlar) – 58,7 mln.dollar (8,6 foiz), neft mahsulotlari (benzin, dizel yoqilg‘isi, bitum) – 53,1 mln.dollar (7,8 foiz), kimyo mahsulotlari (polimerlar, sulfatlar, silikatlar, o‘g‘itlar, bo‘yoqlar) – 53,0 mln.dollar (7,8 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (chorva uchun yem, tuxum, qandolat mahsulotlari, tayyor go‘sht mahsulotlari va boshqalar) – 48,2 mln.dollar (7,1 foiz), turli tayyor mahsulotlar (qurilish materiallari, tayyor kiyim-kechak, ipak matolar) – 21,0 mln.dollar (3,1 foiz), oziq-ovqat bo‘lmagan xom ashyo – 8,1 mln.dollar (1,2 foiz), boshqa tovarlar (jismoniy shaxslar tovarlari) – 70,1 mln.dollar (10,3 foiz), shuningdek, xizmatlar (asosan temir yo‘l transporti) – 147,4 mln.dollar (21,6 foiz).
2025-yilda Tojikistondan import tarkibi quyidagi tovar pozitsiyalaridan iborat bo‘lib, jami 229,3 mln.dollar, jumladan: metall rudalari va konsentratlari (ruh, mis va qimmatbaho metallar) – 108,9 mln.dollar (47,5 foiz), toshko‘mir – 22,3 mln.dollar (9,7 foiz), alyuminiy – 25,4 mln.dollar (11 foiz), elektr energiyasi – 17,9 mln.dollar (7,8 foiz), paxta tolasi – 17,6 mln.dollar (7,8 foiz), mevalar – 7,4 mln.dollar (3,2 foiz), qora metallar – 5,1 mln.dollar (2,2 foiz), parranda go‘shti – 2,4 mln.dollar (1,1 foiz), plastmassa chiqindilari – 1,8 mln.dollar (0,8 foiz), oltingugurt, dala shpati va boshqalar, shuningdek, xizmatlar (asosan temir yo‘l transporti) – 6,6 mln.dollar (2,9 foiz).
2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Tojikiston investitsiyalari ishtirokida 420 ta korxona faoliyat yuritmoqda (xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining 2,2 foizi). Ulardan 110 tasi qo‘shma korxona, 310 tasi esa Tojikiston kapitali 100 foiz bo‘lgan xorijiy korxonalar hisoblanadi.
2025-yilda 2024-yilga nisbatan Tojikistondan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) va kreditlar hajmi 3 barobarga, ya’ni 64 mln.dollardan 196 mln.dollargacha oshdi. 2017-2025-yillar davomida Tojikistondan jalb qilingan TXI va kreditlarning umumiy hajmi 373 mln.dollarni tashkil etdi.
Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari: savdo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, transport va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish hisoblanadi.
Shuningdek, Tojikistonda ham O‘zbekiston investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Masalan, mamlakatda energetika sohasida, xususan Zarafshon daryosida gidroelektrostansiyalar qurish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston xususiy kapitali ishtirokida 2019-yilda Tojikistonda “Artel Avesto Electronics” QK MCHJ tashkil etilgan bo‘lib, u 10 dan ortiq turdagi maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
Tojikiston bilan umumiy chegaraning mavjudligi, rivojlangan transport infratuzilmasi eksport yuklarini yaqin masofaga yetkazib berish imkonini va bu transport xarajatlarini nisbatan kamaytirib, eksport hajmini oshirish uchun qulay sharoit yaratadi. Shunday qilib, Tojikiston O‘zbekistonning tayyor mahsulotlari eksportini kengaytirish uchun istiqbolli bozor hisoblanadi. Xususan, Tojikistonda ishlab chiqarilmaydigan va asosan import qilinadigan mahsulotlar: avtomobillar, maishiy texnika, ayniqsa, yirik o‘lchamli texnika (muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, konditsionerlar va boshqalar), shuningdek ayrim oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo va boshqa mahsulotlar eksportini oshirish imkoniyati mavjud.
Mohigul Qosimova,
O‘zA