O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma tarmoqlararo ko‘rgazmasi ikki mamlakatning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun asosiy maydonga aylandi
Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma tarmoqlararo ko‘rgazmasi ochildi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan CAEx ko‘rgazma majmuasida tashkil etilgan yig‘in avvalida mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ziyozoda Sulaymon Rizoi va Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir ishtirok etdi.
Anjumanda bugungi kunda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari izchil rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Qayd etish kerakki, ikki qardosh o‘lka aloqalari nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, madaniy va diplomatik jihatdan ham yuksalib bormoqda.
E’tiborlisi, mazkur ko‘rgazma ham ikki mamlakatning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun asosiy maydonga aylandi, deyish mumkin. 1300 kvadrat metrlik maydonni egallagan ko‘rgazmada o‘lkamiz tomonidan to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va avtomobilsozlik kabi 15 ta sohadan 180 dan ortiq kompaniyalar 450 dan ortiq turdagi mahsulotlarni taqdim etmoqda. Tojikiston tomonidan esa 10 ta sohadan 30 dan ortiq kompaniyalar 200 ga yaqin mahsulotni namoyish etmoqda.
[gallery-28362]
– Ikki davlat rahbarlarining bu galgi uchrashuvlari doirasida yangi marraga start beriladi, ya’ni yangi zavod ochilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, - deydi “Artel Electronics” qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abbos Imomaliyev. – Buning natijasida mahsulotlar aylanmasi ortib, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning turlari ortadi. Hozirgi kunda to‘qqiz turdagi mahsulot ishlab chiqarayotgan bo‘lsak, kelgusida 15 turdagi mahsulotlar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilyapti. Yangi zavod 15 million AQSH dollarlik loyiha bo‘lib, maishiy texnikalar ishlab chiqishda muhim bosqich bo‘ladi.
27-martgacha davom etadigan ko‘rgazma o‘zbek-tojik sanoat hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Tadbir dasturiga B2B va G2B uchrashuvlari, eksport imkoniyatlari taqdimotlari, shuningdek, ikki mamlakat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari o‘rtasida qat’iy savdo shartnomalari va uzoq muddatli sheriklik shartnomalarini tuzish bo‘yicha muzokaralar kiradi.
Go‘zal Sattorova,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA