O‘zbekiston Superligasining kuchli uchligida o‘zgarish yo‘q
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yin “So‘g‘diyona" va “OKMK” klublari o‘rtasida o‘tkazildi.
“So‘g‘diyona” markaziy stadioni mezbonlik qilgan mazkur o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Gollarga Ruben Sanches (“OKMK”) va Sardorbek Hoshimov (“So‘g‘diyona”) mualliflik qildi.
Shu tariqa, 21-tur bahslari yakunlandi va musobaqa jadvalida “Nasaf” 46 ochko bilan yaqqol karvonboshilik qilmoqda. Qarshi jamoasining eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan “OKMK” esa 39 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotir. Uchinchi o‘rinda borayotgan “So‘g‘diyona” hisobida 36 ochko mavjud bo‘lsa, “Paxtakor” 35 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onaga joylashgan. “Navbahor” 30 ochko jamg‘arib, kuchli beshlikni yakunladi.
“Neftchi” vodiy derbisidagi durangdan so‘ng 30 ochko bilan oltinchi pog‘onada qoldi. Shuningdek, “Dinamo” va “Surxon” klublari 26 ochko bilan keyingi pog‘onalarda qayd etilgan bo‘lsa, “Olimpik” 24, Qizilqum 23 ochko to‘plab, kuchli o‘nlikka joylashdi. Quyi o‘rinlarda “Andijon” va “Bunyodkor” 22, “Lokomotiv” 18, “Metallurg” 15 ochko bilan bormoqda.
Hozirda “Paxtakor” jamoasi sardori Dragan Cheran 13 ta gol bilan to‘rurarlar jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “So‘g‘diyona” jamoasi a’zosi Lyupcho Doriyev 10 ta gol bilan ikkinchi, “Dinamo” a’zosi Anvarjon Hojimirzayev 9 ta gol bilan uchinchi o‘rindan joy olgan.
Darvoqe, 21-turdan o‘rin olgan “Nasaf” va “Surxon” uchrashuvini kuzatish uchun “Markaziy” stadioniga 7 ming 571 nafar muxlis tashrif buyurdi. Jami uchrashuvga kelgan muxlislar soni esa 22 ming 320 nafarni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Superligasining 22-tur uchrashuvlari 25-28 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Unda “Surxon” – “Lokomotiv”, “Navbahor” – “Metallurg”, “Qizilqum” –“Paxtakor”, “Andijon” – “Olimpik”, “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona“, “OKMK” – “Neftchi”, “Dinamo” – “Nasaf” bahslari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA