O‘zbekiston Superkubogi kimga nasib etadi?
Bugun, 27 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi uchun “Nasaf” – “Andijon” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Uchrashuv poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida soat 19:30 da start oladi.
Mazkur bahsni Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida boshqarib boradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam bersa, Abdurashid Xudoyberganov zaxira hakami sifatida ishtirok etadi. VAR va AVAR bo‘yicha Asker Najafaliyev va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov ishlaydi. O‘yin komissari etib Ma’mur Sultonov tayinlangan.

Mazkur to‘qnashuvda “Nasaf” klubi futbolchilari qizil rangli libosda maydonga tushadi. Andijonliklar esa oq rangli ekipirovkada harakat qiladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Superkubogi haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Musobaqa 1999 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda “Navbahor” va “Paxtakor” klublari o‘zaro to‘qnash kelgan. Uchrashuvda “Navbahor” 4:2 hisobida zafar quchib, bosh sovringa ega chiqqan.

Shundan so‘ng, mamlakat Superkubogi 15 yil davom ettirilmadi va 2014 yilda qayta tiklandi. O‘sha yilgi musobaqada “Bunyodkor” zafar quchdi. 2015 yilda “Nasaf”, 2016 yil “Lokomotiv” ushbu sovringa ega chiqdi. O‘zbekiston Superkubogi 2017-2018 yillarda o‘tkazilmadi.
2019 yilga kelib ikkinchi bor qayta tiklandi. O‘sha yili “Lokomotiv” musobaqa g‘olibiga aylandi. 2020 yilgi pandemiya sabab o‘tkazilmagan Superkubok, 2021 yilda uchinchi bor tiklandi va unda “Paxtakor” g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, poytaxtimizning bosh jamoasi 2022 yilda ham bu sovrinni o‘zida olib qoldi. 2023-2024 yilgi O‘zbekiston Superkubogida “Nasaf” g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Superkubokni eng ko‘p yutgan jamoa “Nasaf” bo‘lib turibdi. Bu jamoadan keyin “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublari mazkur musobaqada 2 martadan O‘zbekiston Superkubogida zafar quchgan jamoa sifatida kuchli uchlikdan joy olgan.
Finallarda eng ko‘p ishtirok etgan klub esa “Paxtakor” hisoblanadi. Umumiy hisobda bu jamoa 5 marta finalga yo‘l olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA