O‘zbekiston – shaxmat olimpiadasini qabul qilishga da’vogar
2026 yili o‘tkaziladigan 46-jahon shaxmat olimpiadasi mamlakatimizda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida o‘tkazilgan yig‘ilishda e’lon qilindi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston 46-shaxmat olimpiadasini qabul qilgan da’vogar davlatlar uchun bo‘lib o‘tadigan tenderda ishtirok etadi.
Ma’lumki, yana 20 kundan so‘ng Hindistonning Chennay shahrida 44-shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Mazkur chempionat mobaynida Xalqaro shaxmat federatsiyasining kongressi o‘tkazilib, unda bir qator masalalar tizimida 2026 yilgi Jahon shaxmat olimpiadasi mezbon mamlakat nomi ham e’lon qilinadi.
2018 yili Batumida o‘tgan 43-shaxmat olimpiadasi doirasida o‘tgan kongressda 2024 yili o‘tadigan 45-olimpiadani qabul qilishda Vengriya poytaxti Budapesht g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 avgustiga qadar davom etadigan 44-shaxmat olimpiadasida 187 nafar erkak, 162 nafar ayollar jamoalari qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA