O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: Investitsiya diplomatiyasi va geoiqtisodiy strategiyaning yangi bosqichi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Saudiya Arabistoni bilan yirik investitsiya loyihalarining borishi ko‘rib chiqilishiga bag‘ishlangan uchrashuv zamonaviy tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri – iqtisodiy diplomatiyaning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Infratuzilma, energetika, sog‘liqni saqlash va axborot texnologiyalari kabi strategik sohalardagi loyihalar muhokama qilingan mazkur uchrashuv mamlakatimizning global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvi jarayonini jadallashtirishga qaratilganini ko‘rsatdi.
Muloqotda ishtirok etgan Muhammad Abunayyan “ACWA Power” kompaniyasi asoschisi va direktorlar kengashi raisi sifatida global energetika va suv resurslari sohasi bo‘yicha yirik investor sifatida tanilgan. 40 yillik tajribaga ega mazkur biznes yetakchisi qayta tiklanuvchi energiya, suvni chuchuklashtirish va “yashil vodorod” loyihalarini rivojlantirishda muhim o‘rin egallaydi. Uning rahbarligidagi kompaniya Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyoda faoliyat yuritib, milliardlab dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda “yashil energetika” va infratuzilma loyihalarida “ACWA Power” yetakchi sarmoyador hisoblanadi.
Geosiyosiy nuqtai nazardan Saudiya kapital eksport qiluvchi yirik iqtisodiy markaz, O‘zbekiston esa rivojlanayotgan va sarmoyaga ehtiyoj sezayotgan bozor sifatida o‘zaro manfaatli hamkorlik modelini shakllantirayotganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, bu jarayon, davlatimiz tashqi siyosatining ko‘p qirrali strategiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ya’ni, respublikamiz an’anaviy hamkorlar bilan bir qatorda, Yaqin Sharq davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish orqali geoiqtisodiy diversifikatsiyaga erishishga intilmoqda.
Mazkur hamkorlik iqtisodiy-siyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, strategik sohalarga xorijiy mablag‘ jalb qilish orqali davlat iqtisodiyotni boshqarishning yopiq uslubidan ochiq, aralash modelga o‘tmoqda. Bu esa iqtisodiyot liberallashuvi, xalqaro integratsiya chuqurlashuvidan dalolat. Shu bilan birga, bunday uchrashuvlar ichki siyosat nuqtai nazaridan ham muhim: shu tariqa iqtisodiyot o‘sishi, investitsiya oqimi tezlashishi, yangi ish o‘rinlari ko‘payishi namoyon bo‘ladi. “Natijaga asoslangan legitimlik” mustahkamlanadi.
Gavharshodbegim Xolmatova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tayanch doktoranti