O‘zbekiston – Rossiya: tibbiyot sohasidagi hamkorlik
Rossiya federatsiyasining yetakchi akusher-ginekologlaridan tarkib topgan delegatsiya o‘zaro tajriba almashish maqsadida Buxoro viloyatiga keldi.
– Akusher-ginekologlar zimmasida juda katta mas’uliyat bor, – deydi Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali ginekologiya bo‘limi boshlig‘i Shahruza Mahmudova. – Binobarin, mazkur tor doira mutaxassis shifokorlari hali yorug‘ dunyoni ko‘rmagan homilaning salomatligi uchun ham javobgar. Shu nuqtai nazardan xalqaro tajribani o‘rganish, tibbiyot rivojlangan davlatlar vakillari bilan o‘zaro fikr almashish har tomonlama foydalidir. Bunday o‘zaro hamkorlikdagi uchrashuv va ochiq muloqot, mahorat darslari va tajriba almashinuvlar har ikki tomonning imkoniyat va tajribalarini o‘rganish, murakkab yo‘nalishlardagi jarrohlik amaliyotlarini birgalikda samarali olib borish imkonini bermoqda.

Uchrashuvda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik standartlar, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar va belgilangan rejalar, olib borilayotgan ilmiy, amaliy-uslubiy ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ta’kidlash joizki, har qanday millat genofondi avvalo onalar va bolalar salomatligiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, o‘sib kelayotgan navqiron avlodni jismonan va ruhan chiniqtirish, har tomonlama sog‘lom va intellektual va salohiyatli avlodni tarbiyalash borasida bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida ham samarali faoliyat olib borilmoqda.
Filialda yo‘lga qo‘yilgan innovatsion loyihalar hamda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llanilishi tug‘ish yoshidagi va yosh bolali ayollarga sifatli va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA