O‘zbekiston-Rossiya: byudjet siyosati bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 18-22-may kunlari Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi mutaxassislari ishchi tashrif bilan poytaxtimizda bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasida amalga oshirilayotgan ikki tomonlama hamkorlik dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda ikki tomon vakillari ishtirok etdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi huzuridagi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti (NIFI) direktori Gleb Pokatovich tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik va tajriba almashish sohani takomillashtirishda muhim ekanini qayd etdi.
Tomonlar davlat moliyasini boshqarish tizimiga oid masalalarni muhokama qildi. Jumladan, byudjet jarayonlarini takomillashtirish, moliyaviy samaradorlik va ochiqlikni oshirish, ichki audit, dasturiy byudjetlashtirish hamda fiskal nomarkazlashtirish sohalaridagi ilg‘or tajribalar almashildi. Ta’kidlanganidek, byudjet jarayonlarining ochiqligi va samaradorligini oshirish, fiskal boshqaruvni takomillashtirish hamda mahalliy byudjet tizimini rivojlantirish muhim masalalar hisoblanadi.
NIFI ekspertlari Rossiya Federatsiyasida byudjetlararo munosabatlar tizimi, moliyaviy resurslarni taqsimlash mexanizmlari va byudjetlararo transfertlar amaliyoti bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etdi.
Yakunda tomonlar davlat moliyasini boshqarish sohasida hamkorlikni kengaytirish, shaffoflikni oshirish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar va rejalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA