O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2026-yilning 18-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
O‘n beshinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, elektron tijorat sohasini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi elektron tijorat ishtirokchilari uchun elektron tijorat makonini yaratishni, sohada adolatli raqobat sharoitini yaratishni hamda elektron tijorat ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonuniga elektron tijorat sohasida to‘lovlarni, transchegaraviy elektron tijoratni amalga oshirishning, raqamli mahsulotlar eksporti va importining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, elektron tijorat operatorlarining majburiyatlari doirasida iste’molchi oldida sotuvchi javobgar bo‘ladigan holatlar yoki sotuvchi tomonidan iste’molchining qonuniy talablarini qondirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, elektron tijorat operatorining iste’molchi oldida subsidiar javobgarlik me’yori belgilanmoqda.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, buning natijasida iste’molchining xavfsiz onlayn savdo xizmatlaridan keng foydalanishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, qonun nafaqat elektron savdoni tartibga solish, balki elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish, xalqaro standartlarga mos huquqiy baza yaratishga xizmat qiladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu chora-tadbirlarning tatbiq etilishi mahalliy va xorijiy sotuvchilar o‘rtasida adolatli raqobat sharoitini ta’minlashga, transchegaraviy elektron tijorat shiddat bilan rivojlanayotgan davrda soliq tushumlari yo‘qolishining oldini olishga hamda mahalliy elektron savdo platformalarini soliq agentlari sifatida jalb etish orqali soliq tushumlarini ta’minlash jarayonlarini yengillashtirishga qaratilgan.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitimiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni Tashkilotning bitimlarida nazarda tutilgan qoidalar va me’yorlarga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan asosiy tushunchalar O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya doirasida tasdiqlangan fitosanitariya atamalari lug‘atiga muvofiqlashtirilmoqda.
Shuningdek, o‘simliklar karantini sohasidagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining vakolatlari kengaytirilmoqda. Jumladan, fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilish, fitosanitariya nazorati ostida xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi tartib-taomilini tasdiqlash, karantin ostidagi materiallarni fitosanitar zararsizlantirish qoidalarini va usullarini, o‘simliklar karantini sohasidagi laboratoriya tekshiruvlarining uslublarini ishlab chiqish va tasdiqlash, fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha talablarni va tartibni ishlab chiqish kabi vakolatlari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga yuridik shaxslarga fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyat uchun cheklangan muddatga litsenziya berilishi hamda ushbu faoliyat uchun davlat boji belgilanishi, litsenziyaning nomi va uning kichik turlari aniqlashtirilishi hamda mazkur faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori belgilanishiga oid normalar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyatni yanada takomillashtirish hamda mahsulotlarni xalqaro savdoda to‘siqsiz aylanishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda va u bolaga taalluqli har qanday masalani hal etishda ustuvor mezon sifatida qayd etilmoqda.
Oila kodeksiga kiritilayotgan tegishli o‘zgartirishlar bilan oilada bola manfaatiga oid har qanday masala ko‘rilayotganda bola o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat organlarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda.
Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va da’volar taqdim etish, sud majlislarida o‘zining vakolatli vakili orqali ishtirok etish huquqi berilmoqda.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni maxsus markazlarga joylashtirish bilan bog‘liq ijtimoiy kafolatlar aniqlashtirilib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazga joylashtirilganligiga bir oydan ortiq bo‘lmagan davri unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun bolalar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab berib, jamiyatda insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ushbu qonun jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda sud tizimi shaffofligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida Kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bu norma iste’molchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq ma’lumot olish huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi.
Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi – voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.
Bu voyaga yetmaganlarning ruhiy holatini inobatga olish, ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish va xalqaro standartlarga mos ravishda bola manfaatlarini himoya qilish kafolatini yaratadi.
Shuningdek, qonun bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga bo‘lgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi. Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qo‘llanilmaydi.
Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi ma’muriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat prinsiplari asosida isloh qilishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning 15-yalpi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, vakolatli organlarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi.
Qonun ana shu islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, sohada vakolatlarni aniq belgilash hamda qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq ajratilib, moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq vakolatlar esa Madaniyat vazirligiga tegishli ekanligi nazarda tutilmoqda.
Xususan, Madaniy meros agentligiga moddiy madaniy meros ob’ektlarini hisobga olish, davlat kadastrini yuritish, tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.
Qonun bilan madaniy boyliklarning muomalasi, jumladan, ularni kimoshdi savdolari orqali realizatsiya qilish tartibi takomillashtirilib, ushbu jarayonlarni vakolatli organ bilan kelishgan holda amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, arxeologiya yodgorliklarini tadqiq etishni faqat tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshirish, madaniy meros ob’ektlarining holatini muntazam nazorat qilish hamda ularni har besh yilda ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishga, vakolatlar taqsimotida aniqlikni ta’minlashga hamda sohada yagona va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur qonun bilan Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Eksterritorial sudlov tartibining joriy etilishi asosiy yangiliklardan biri hisoblanadi. Endilikda fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlari istagan tegishli sudga murojaat qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. Ma’muriy sudlarga “dastlabki eshituv” instituti kiritilmoqda, bu esa ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshiradi.
Qonunda davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat organi mansabdor shaxsining sud majlisida ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi mustahkamlanmoqda, ya’ni davlat organining xatosi uchun javobgar tadbirkor emas, balki o‘sha organ bo‘lishini anglatadi.
Iqtisodiy sudlar tizimi ham maqbullashtirilib, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari o‘rniga tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi investitsiya muhitini yaxshilashga, korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga va inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va millat genofondini asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida sintetik narkotiklarning yangi turlari va “narkomaniya” xavfi ortib borayotgani mazkur sohadagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, nafaqat giyohvandlik vositalari, balki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, qonunda ilk bor “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” tashkil etganlik va uning faoliyatini ta’minlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, giyohvandlik vositalarini Internet tarmog‘i orqali tarqatish va targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida qonunga kiritilmoqda.
Yoshlarni ushbu illatdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasalari, oromgohlar va yotoqxonalarga tutash hududlarda sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda.
O‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikka qarshi kurashishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga hamda sohaga oid faoliyat samaradorligini oshirishga, “narkotiklardan xoli muhit” yaratishga, ayniqsa, yosh avlodni giyohvandlik balosidan asrashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida senatorlar “Raqamli markirovkalash tizimining samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda asossiz tekshiruvlarning oldini olishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, aholini sifatli iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlash hamda mahsulotlar noqonuniy ravishda ishlab chiqarilishi va muomalaga kiritilishining oldini olish uchun qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash va ushbu mahsulotlarning aylanmasini kuzatib borish tizimini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida tovarlarni markirovkalash iste’molchilarni sifatsiz, soxta mahsulotlarni sotib olishdan himoyalashga mo‘ljallanganligini va markirovkaning mavjudligi ishlab chiqaruvchini qonun normalari va sifat standartlariga qat’iy rioya etishga undashini bildirdi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga tovarlarni (mahsulotlarni) majburiy markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarlik to‘g‘risida ikki marta rasmiy ogohlantirish berilganidan keyin masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, qonunda masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish muddati 5 kun bo‘lishi hamda dalolatnoma elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtirilishi belgilanmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, qonun qabul qilinishi xufiyona aylanma va yashirin iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini qisqartirish, aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni (spirtli ichimlik, tamaki mahsuloti, dori vositalari, salqin ichimlik va boshqalar) realizatsiya qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shundan so‘ng “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda xalq hokimiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish hamda davlat boshqaruvida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish islohotlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha vakolatlari tobora kengayib bormoqda.
Mazkur qonun bilan mahalliy vakillik organlari faoliyatida boshqaruvni tizimli tashkil etish va ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratining hududiy shakllarini takomillashtirishga qaratilgan qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida Kengash raisi o‘rinbosari instituti joriy etilmoqda. E’tiborli jihati, ushbu lavozimdagi shaxs bir vaqtning o‘zida Kengash kotibiyati mudiri vakolatlarini ham amalga oshiradi. Unga kotibiyat xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatining berilishi Kengash apparatining mahalliy ijro hokimiyatidan to‘liq mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, sessiyalar oralig‘ida ishlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Kengash Rayosati tashkil etilmoqda. Rayosat tarkibiga Kengash raisi, uning o‘rinbosari, doimiy komissiyalar raislari va siyosiy partiyalar guruhlari rahbarlari kiritilishi belgilanmoqda.
Ilk bor mahalliy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining deputatlar savollariga javoblarini eshitishga qaratilgan “Kengash soati” instituti joriy etilmoqda. Bunda deputatlar aholini qiynayotgan shoshilinch masalalar yuzasidan mutasaddilardan tezkor javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda ushbu masala Rayosatda ko‘rib chiqilishi va keyinchalik sessiyada tasdiqlanishi mumkin.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun mahalliy hokimiyat tizimida demokratik tiyib turish va muvozanat mexanizmlarini qaror toptirishda muhim huquqiy asos hisoblanadi.
Qonunning qabul qilinishi mahalliy Kengashlarning ijtimoiy mavqeini oshirishga, hududiy muammolarni hal etishda vakillik nazoratining ta’sirchanligini kuchaytirishga hamda davlat hokimiyati tizimida tiyib turish va muvozanat saqlash mexanizmini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Senatning 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlarini yanada jadallashtirish, vakolatli tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, huquqni e’tirof etish bilan bog‘liq ayrim mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlarga huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishga hamda huquqlarni e’tirof etish ishlari bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi va shartlari joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun bilan kiritilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyat-ijroiya tizimini yanada takomillashtirish hamda probatsiya institutining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qonunda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytirilib, ularning vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyati belgilanmoqda.
Shuningdek, sudga shartli ozod qilingan shaxs zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishda advokat yoki shaxsning o‘zi iltimosnoma kiritishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniqlashtirilib, ushbu masalalarni ko‘rib chiqish mahkum istiqomat joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi sudyasi tomonidan hal qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi bob bilan to‘ldirilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratning huquqiy mexanizmlari, ularning majburiyatlari va nazoratni tugatish tartibi belgilanmoqda.
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslar dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilishi hamda qo‘shimcha tarzda kiyim-bosh hamda poyabzal olishi belgilanmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini va eng zarur narsalarni sotib olish uchun ularga belgilangan pul miqdorini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senat a’zolari ta’kidlaganidek, mazkur qonun jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish, shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va inson huquqlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati