O‘zbekiston qurilish sohasidagi tub islohotlar
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bu dolzarb masalani alohida e’tiborga olib, odamlarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rdi.
Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra qishloqlarda, 22 noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari qabul qilindi. Ular asosida o‘tgan davrda minglab uy-joylar barpo etilib, aholiga topshirildi.
E’tiborlisi, so‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda qurilish industriyasi yangi bosqichga ko‘tarilib, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizda qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish hisobiga uning milliy iqtisodiyotdagi ulushi oshib bordi. Agar 2016 yilda umumiy qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 234 trillion so‘mga yetdi. Joriy yilda esa ushbu raqamni 254 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qurilish sohasidagi yuksalishni yanada yaqqolroq tasvirlash uchun quyidagi ko‘rsatkichlarga e’tibor qarating. 2017 yilda mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 11 mingta maxsus texnika mavjud bo‘lgan. Bugungi kunda esa ularning soni 44 mingtadan oshgan. Bu esa sohada texnik ta’minlanganlik darajasining qanchalik oshganini, qurilish tashkilotlarining imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatadi. Shuningdek, birgina 2024 yilning o‘zida 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uyda 100 mingdan ziyod xonadon barpo etildi.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020 yildagi 16 kvadrat metrdan 2025 yilda 19 kvadrat metrgacha oshgani ko‘p yillik rejalarning samarasi sifatida ko‘rilmoqda. Qurilish ishlari nafaqat mavjud ehtiyojlarni ta’minlash, balki mamlakat infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgan. Shuning uchun ham 2024 yili 21,4 million kvadrat metr turar joy va 19,1 million kvadrat metr noturar binolar qurilib, umumiy hajm 40,5 million kvadrat metrni tashkil etdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.
Uy-joy qurilishini rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan ipoteka va aylanma mablag‘lar ajratish mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2024 yilda 17 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lsa, quruvchi va developerlarga 3 trillion so‘m aylanma mablag‘ berildi. Bu orqali sohaga xususiy investorlarni jalb qilish, bozor ishtirokchilari faolligini oshirish imkoni yaratildi. Qurilish ishlari orqali bevosita va bilvosita ish o‘rinlari yaratilayotgani ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Masalan, 2024 yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli bo‘ldi. Joriy yilda esa 400 ming kishi qurilish sohasida band etilishi rejalashtirilgan.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini barqaror qondirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etish dasturi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 56 ta massiv tashkil etilgan bo‘lib, ularda 28 ming xonadondan iborat 543 ta uy qurilgan. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu massivlarda faqat turar joylar emas, balki ijtimoiy, madaniy va infratuzilma ob’ektlari ham qurilayotgani aholining farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqin istiqbolda, 2030 yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilishi belgilangan.
Massivlarning qurilishi millionlab odamlarning tasavvuriga ham sig‘maydigan yangilik edi. 2020 yilda 29 ta, 2025 yilda 890 ta uy, jami 31 mingta xonadon qurib foydalanishga topshirildi. Massivlarda odamlarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadidagi ishlar shaxsan davlatimiz rahbari nazoratida.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 23 yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham “Yangi O‘zbekiston” massivlarining qurilishiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi. “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi. Umuman, 2030 yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.
– Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan joriy yilda O‘zbekiston miqyosida 135 mingta ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi belgilangan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Elyor Komilov. – Joriy yilning o‘zida mamlakat bo‘ylab 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi. Har bir hududda qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari bo‘ladi. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 135 ta uy-joylarning 10 mingga yaqini qurib foydalanishga topshirildi.

Yangi va zamonaviy massivlarni ko‘zdan kechirar ekansiz, davlatimizda inson qadri barcha narsadan ustun ekanini amalda ko‘rasiz. Aslida ham har bir insonning orzulari ushalishi, hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida xizmat qilishdan ulug‘roq maqsad bormi!?
– Ikki nafar farzandimga ham ota, ham onaman, – deydi Oyzoda Ergasheva. – Bu uyga ko‘chib o‘tguncha kvartirama kvartira sarson bo‘lib yurganim hali esimda. U kunlarni eslagim ham kelmaydi. Uy olishga juda ko‘p harakat qildim. Biroq kredit summasi qimmat edi. Shu o‘rinda hukumatimiz yordamga keldi. Uy-joy olish uchun subsidiyaga ariza topshirgan edim. Arizamga ijobiy javob keldi. Bu uyning boshlang‘ich mablag‘i esa davlatimiz tomonidan to‘lab berildi. Ipoteka krediti 20 yilga taqsimlandi. Muhimi, endi uyimiz bor, ko‘nglim xotirjam.
Yana bir muhim yangilik, mamlakatimizda uy-joy qurilishida ishtirok etayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 2025 yil 1 iyuldan boshlab uy-joy qurilishida Eskrou tizimi joriy etildi. Bu orqali ishonchli developerlar bozori shakllantirilmoqda.
–Mamlakatimizda uy-joy qurilishida Eskrou tizimi joriy etildi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Meliyev. – Bundan ko‘zlangan maqsad aholi mablag‘larini himoya qilish, uy-joylarni o‘z vaqtida va sifatli qurish, uning qonuniyligini ta’minlash. Shuningdek, tizim joriy etilishi ulushdorlarni firibgarlik sxemalaridan himoya qiladi. Xabaringiz bor ba’zi “quruvchi tadbirkorlar”dan fuqarolar hali qurilishi bitmagan uy-joylarni sotib olib, turli muammolarga duch kelmoqda. Shuningdek, ayrim quruvchilar yer olib, loyiha tayyorlaydi, kvartiralarni sotishni boshlaydi, foydaning bir qismini oladi, keyin esa aholidan olingan pulni boshqa maqsadlarga sarflaydi. Aholi uy-joy sotib olishni to‘xtatgach, ular uy qurilishini tugata olmaydi. Barchaga ma’lum, ko‘pgina fuqarolar yangi uy-joy uchun mablag‘larni banklarni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchi tashkilotlarga o‘tkazadi. Bu esa soyadagi sektorning o‘sishiga yordam beradi. Ko‘pincha uy-joylarni topshirish muddati kechiktiriladi va kiritilgan mablag‘lar muzlatiladi. Ulushdorlikda ishtirok etish shartnomalari ko‘pincha rasmiy ro‘yxatga olinmaydi va ular vijdonsiz quruvchilar manfaatlariga xizmat qiladigan tarzda tuziladi. Shu sababli, bu tizim joriy etildi. Tartibli to‘lov tizimi, raqamlashtirish va shaffoflikning yo‘qligi suiiste’mol qilish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Eskrou tizimi xorijiy tajribada o‘zini isbotlagan. Ushbu modelga ko‘ra, mijoz va bank o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tijorat bankida har bir qurilish ob’ekti uchun eskrou hisob-varag‘i ochiladi. Ko‘chmas mulk uchun to‘lovlar ushbu hisob orqali amalga oshiriladi. Tijorat banklari hisob-varaqda to‘plangan mablag‘lar hisobidan mijozga imtiyozli stavkada kredit berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qurilish tugagandan so‘ng, xaridorning depozit hisob-varag‘idan mablag‘lar ishlab chiqaruvchining hisobiga o‘tkaziladi. Agar quruvchi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, bu mablag‘lar egasiga qaytariladi. Eskrou hisob-varag‘idagi mablag‘lar undirilishi mumkin emas.
Shuningdek, mamlakat tarixida ilk bor “Yangi Toshkent” kabi ulkan loyiha amalga oshirila boshlandi. 20 ming gektar maydonda qurilayotgan ushbu yangi poytaxtda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratiladi. Hozirda 6 ming gektar hududda 600 ming aholiga mo‘ljallangan qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
“Yangi Toshkent” loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va muzey, Maqom markazi, maxsus maktablar va davlat xizmatchilari uchun turar-joy majmualari barpo etiladi. Bu shahar nafaqat boshqacha me’moriy uslub, balki ilg‘or ma’muriy, ta’lim va madaniy infratuzilmalarni ham o‘z ichiga olgan yangi markaz sifatida rivojlanadi.
Qurilish faoliyatida ijtimoiy ob’ektlar — xususan, ta’lim muassasalarini barpo etish masalasi ham alohida e’tiborda. Shu maqsadda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” tashkil etildi. 2025 yilda mazkur kompaniya buyurtmasi asosida 567 ta ta’lim ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu orqali ta’lim infratuzilmasini zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash maqsad qilingan.
Sohada raqamlashtirish jarayonlari ham jadal rivojlanmoqda. 30 dan ortiq axborot tizimlari ishga tushirilib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali 22 ta davlat xizmati raqamlashtirildi. Bu turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, inson omilini kamaytirish va ochiq raqobat muhitini shakllantirish imkonini berdi. Tender platformasi joriy qilinishi esa sohadagi korrupsion holatlarga chek qo‘yishda muhim rol o‘ynadi.
Sifat nazorati va jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida qurilishni kuzatish mexanizmi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Qurilish va uy-joy kommunal jo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi o‘z faoliyatini to‘liq raqamlashtirdi. Barcha inspektorlar maxsus “body-kamera”lar bilan ta’minlangani ularning ishida ob’ektivlikni oshirish, har bir jarayonni to‘liq hujjatlashtirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, barcha hududiy inspeksiyalarda tashkil etilgan “Quruvchi-operatorlar shtabi” orqali davlat byudjeti hisobiga olib borilayotgan qurilish ob’ektlarini real vaqt rejimida masofadan turib kuzatish imkoni yaratildi.
Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish ob’ektlarida kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular orqali nazorat “Quruvchi-operatorlar shtabi” tomonidan masofaviy va real vaqt rejimida amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida kamchiliklarni vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish tarmog‘ida olib borilayotgan ishlar, xizmatlar milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qatorida nafaqat iqtisodiyotning asosiy fondlarini yaratuvchi qismi sifatida, balki mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar hamda turli ijtimoiy sohadagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda o‘zining muhim hissasini qo‘shib kelmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA