O‘zbekiston — O‘mon munosabatlari yanada kengaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov O‘mon Sultonligi Sho‘ro kengashi raisi Xalid Xilal Nasser al-Maavali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati natijasida mamlakatlar o‘rtasida qisqa vaqt ichida mustahkam hamkorlik o‘rnatildi, davlatlar o‘rtasidagi samarali aloqalar rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston keyingi yillarda O‘mon bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish, moliyaviy-investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratib keladi.
O‘mon Sultonligi Sho‘ro kengashi raisi so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni e’tirof etdi. O‘zbekistonning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani, uni Markaziy Osiyo mintaqasida asosiy hamkor davlat sifatida ko‘rilishini bildirdi.

Shuningdek, mehmon Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasining ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, ushbu nufuzli tadbirning yalpi majlisida O‘zbekiston yetakchisining nutqini katta e’tibor bilan kuzatganini, ilgari surilgan tashabbuslar barcha parlament rahbarlari tomonidan keng e’tirof etilgani va qo‘llab-quvvatlanganini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘mon Sultonligi Maslahat kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyatini yanada jonlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, suhbat davomida mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
M.Komilova, O‘zA