O‘zbekiston – Niderlandiya: eksport va fitosanitariya tizimida ilg‘or yondashuvlar
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqishda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, ilg‘or tajribaga ega davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev Niderlandiya Qirolligi karantin xizmati vakili Lianna Kersbergen boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro savdoda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash hamda ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Niderlandiya tomoni fitosanitar nazoratda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlarni — xavflarga asoslangan nazorat tizimi, raqamli sertifikatlash (e-Phyto), chegara maskanlarida kinologiya xizmati, Markaziy fitosanitar laboratoriyasi va ko‘chma laboratoriyalar, shuningdek agrotahlillar o‘tkazishga mo‘ljallangan mobil laboratoriyalar faoliyatini yuqori baholadi.
Shuningdek, Markaziy eksport shtabida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Ular mamlakatimizdan Niderlandiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga qiziqish bildirib, ayniqsa, mahalliy limon navlarining sifati va ta’mini alohida e’tirof etdi.
Muzokaralar davomida o‘simliklar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport mahsulotlarini sertifikatlash, xalqaro bozorlarga chiqarish, urug‘lar importi va fitosanitar talablarni muvofiqlashtirish, shuningdek olma va danakli mevalar bo‘yicha fitosanitar xavf tahlilini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Niderlandiya agrar mahsulotlar eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi, rivojlangan logistika va qayta eksport modeli shakllangan. Shu bois, mazkur hamkorlik O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistondan Niderlandiyaga 2,6 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot eksport qilingan bo‘lsa, 2026-yil aprel holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,2 ming tonnaga yetgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA