O‘zbekiston MDHdagi eng xavfsiz davlatga aylandi
25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov bundan besh yil avval jinoyatdan holi hududga aylangan mahallalar ulushi 13 foizdan oshmagan bo‘lsa, bugungi kunda shunday mahallalar soni 4,5 mingdan ziyodni tashkil etayotganini qayd etdi.
Shu davrda har 100 ming aholiga nisbatan jinoyatlar soni esa qariyb bir yarim baravarga (229 tadan 182 taga) kamaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida eng xavfsiz davlat hisoblanadi.
Bu, sohada amalga oshirilgan islohotlar, tizimni xalqchil tizimga aylantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasidir. Birinchi navbatda 85 foiz ichki ishlar organlari xodimlari quyi tizimga tushirildi va xalqqa yaqinlashtirildi.
- Har bir mahallaga o‘zining profilaktika inspektori ajratilib, ularning soni 5,5 mingdan 10 ming nafargacha oshirildi, - deydi P.Bobojonov.
- O‘z navbatida, har bir profilaktika inspektori mahalla raisining huquq-tartibot bo‘yicha o‘rinbosariga aylandi, ularning xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq vakolatlari kengaydi. Sohaga ilg‘or texnologiyalar, shu jumladan, ma’muriy huquqbuzarlikni qayd etuvchi planshetlar, bodikamera, internet tarmog‘iga ulangan kompyuterlar tatbiq etildi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha “Smart mahalla” dasturi yaratildi. Profilaktika inspektorlarining faoliyati aholining kunlik muammolari va kunlik ehtiyojlari bilan tunu kun ishlaydigan tizim sifatida shakllandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bundan tashqari, oila va xotin-qizlar muammolari bo‘yicha ishlashda yaqindan ko‘mak beruvchi 362 nafar ayol inspektor, mahallalarda 1,1 ming nafar inspektor-psixolog va 360 nafar voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektorlarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kriminogen vaziyatni xolisona tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida, xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlarni ijobiy natija sifatida baholash tizimiga o‘tildi.
Barcha hududlarda jinoyatlar sektorlar kesimida tahlil qilinib, vaziyatga mahallada xavfsiz sharoit yaratilganligiga qarab baho berilmoqda. Bunday yondashuv kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga zamin yaratmoqda.
Jinoyatlarni fosh etish va jamoat xavfsizligini “inson omili” ta’sirini istisno etgan holda ta’minlash tizimiga o‘tildi. Shu maqsadda “Gezella oynasi” bilan jihozlangan va videokonferens aloqa tizimiga ulangan 44 maxsus tergov xonasi tashkil etildi. Tergov harakatlarini qayd etuvchi 1 ming 324 va qamoqda saqlash joylarida 5 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi.
Ichki ishlar organlariga keltirilayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli ta’minlash uchun jami 382 “So‘rovxona” tashkil etilib, keltirilgan har bir fuqaro bilan suhbatlarni videokameralarga uzluksiz yozib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Jamoat joylaridagi vaziyatni kuzatib borish uchun 16 ta “Vaziyat markazi” tashkil etilib, ularga ko‘chalar, aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarga o‘rnatilgan 100 mingdan ziyod videokamera va 8 mingdan ortiq tezkor chaqiruv tugmalari integratsiya qilindi.
Yo‘l-patrul va patrul-post xizmati xodimlari 6 ming 100 ta “bodikamera”, 179 ta alkotester, 6 ming 874 ta huquqbuzarliklarni qayd etuvchi planshet bilan ta’minlandi.
Mazkur ishlarning barchasi ichki ishlar organlari xodimlarining yuqori professionallik bilan xizmat o‘tashi, aholining kunlik muammolari bilan hamnafas bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tizim faoliyatining shaffofligini ta’minlash uchun 21 ta veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlarda esa 78 ta rasmiy sahifa yuritilishi yo‘lga qo‘yilib, ular orqali har kuni 1,6 milliondan ziyod doimiy foydalanuvchilarga ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Milliy gvardiya bilan birga 3 smenali patrullik xizmati yo‘lga qo‘yildi, jug‘rofiy jihatdan murakkab bo‘lgan viloyatlar mintaqalarga bo‘linib boshqariladigan bo‘ldi.
Mamlakatimizda xavfsizlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, “The world justice project” xalqaro nodavlat agentligi tomonidan 2021 yil uchun berilgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston “Tartib va xavfsizlik” indikatori bo‘yicha 139 mamlakat ichida 16-o‘rinni, Osiyo qit’asidagi 27 davlat orasida 4-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.
Ichki ishlar organlari tizimini chinakam xalqchil professional tuzilmaga aylantirish borasidagi ishlar esa davom ettiriladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA