O‘zbekiston kubogi bahslari qizg‘in pallada
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining 3-turi doirasida “H” va “B” guruhlaridan navbatdagi bosqichga yo‘l olgan jamoalar nomi aniq bo‘ldi.
Jumladan, “B” guruhida “Andijon” – “Dinamo” bahsi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. “Surxon” esa o‘z maydonida kutilmaganda “Lochin” jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, mazkur guruhda “Dinamo” 7 ochko bilan guruhdan birinchi o‘rinni egallab nimchorak finalga chiqqan bo‘lsa, “Lochin” klubi 6 ochko jamg‘argan holda musoqadagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi. “Surxon” 3, “Andijon” esa 1 ochko bilan kubok bahslarining guruh bosqichida qolib ketdi.

“H” guruhida “Paxtakor” “Jar” stadionida o‘tgan “Nasaf”ga qarshi o‘yinda 6:3 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, OKMK 12:1 hisobida “Navoiy FA” klubini taslim etdi.

Mazkur natijalardan so‘ng “Paxtakor” 9 ochko bilan guruh peshqadami sifatida keyingi bosqichga, OKMK esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinda 1/8 finalga yo‘l oldi. “Nasaf” 3 ochko to‘plab kuchli uchlikdan o‘rin olgan bo‘lsa, “Navoiy FA” uch o‘yinda mag‘lub bo‘lgan holda so‘nggi o‘rinda qoldi.

Bugun, 14 may kuni “D” va “E” guruhlarida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

“D” guruhida 4 ochko bilan birinchi pog‘onada borayotgan "Mash’al" klubi so‘nggi turga qadar ikki mag‘lubiyatga uchragan "Olimpik" jamoasi bilan raqobatlashadi. Uchrashuvda aslida “Mash’al”ni durang natija ham qanoatlantiradi. “Olimpik” esa g‘alaba qozonsa ham keyingi bosqichga chiqa olmaydi. Sababi, ushbu guruhning ikkinchi o‘yinida 4 ochko to‘plagan "Sho‘rtan" o‘z maydonida hisobida 3 ochko bo‘lgan "Ishtixon" bilan to‘qnash keladi. Bu o‘yinda “Sho‘rtan” jamoasi 1/8 finalga chiqishi uchun aslida durang ham yetarli bo‘ladi. Lekin “Ishtixon” o‘yinni o‘z foydasiga hal etsa, ochkolarini 6 taga yetkazib olgan holda nimchorak ishtirokchisiga aylanadi.

“E” guruhida ham yuqoridagi kabi holat aks etgan. Ushbu guruhda ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, “Navbahor” va “Neftchi” 4 ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lib, gollar nisbatiga ko‘ra, 1-2-o‘rinlardan joy olgan. "FarDU" jamoasi 3 ochko bilan kuchli uchlikda borayotgan bo‘lsa, "Oq-tepa" ochkosiz so‘nggi o‘rindan joy olgan.
Bu guruhda bugun "Navbahor" – "FarDU" va "Neftchi" – "Oq-tepa" jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. "Navbahor" va "Neftchi" o‘z ishtirokidagi uchrashuvlarni durang bilan yakunlay olsa, nimchorak final bosqichiga yo‘l olishi shubhasiz. Biroq “Oq-tepa” klubi g‘alaba qozonsa Farg‘ona shahrining bosh jamoasi musobaqa bilan xayrlashadi. “FarDU” safarda yirik hisobda muvaffaqiyatga erishsa, hattoki, “Navbahor” ham “Neftchi”ning o‘rniga guruhda qolib ketishi mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA