O‘zbekiston-Koreya: ta’limdagi hamkorlik
Koreya Respublikasi Kyongbuk shahar ta’lim boshqarmasi mutasaddilari Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida bo‘ldi.
Uchrashuv jarayonida Buxoro maktablarida koreys tilini o‘rgatishga qaratilayotgan e’tibor va bu yo‘nalishda o‘quvchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, erishilayotgan natijalar haqida gaplashildi. Xususan, buxorolik o‘quvchilar va o‘qituvchilarning Koreya davlati hamkorligida tashkil etilayotgan tanlovlar, turli loyihalarda faol ishtirok etib, qator yutuqlarni qo‘lga kiritayotganligi alohida e’tirof etildi.
2024 yilda Kyongbuk shahri maktablari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish xususida kelishib olindi.
Ayni kunlarda Koreya Respublikasi Kyongbuk viloyati shahar ta’lim boshqarmasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Kyongbuk shahridagi maktablarning bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilari Buxoro shahrida ta’lim sayohatida bo‘lib turibdi.
Sayohat doirasida mehmonlar Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘ldi. Ta’lim muassasasi faoliyati va tengdoshlarining maktabdagi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarga ikkita xorijiy til – ingliz va koreys tillari o‘rgatiladi.
Maktabda 3-sinfdan boshlab o‘quvchilar 2 ta xorijiy tilni o‘rganadi. Bugungi kunda har 2 tilda ham bemalol so‘zlasha oladigan o‘quvchilar safi tobora ortib bormoqda. Ularning 30 nafarga yaqini til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
[gallery-15441]
–2020 yildan buyon koreys tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi maqomini olgan ushbu ilm muassasamiz Koreya ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, –deydi Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Halima Nurilayeva. –O‘qituvchi va o‘quvchilar xalqaro konferensiyalarda ishtirok eta boshlashdi. Maktab o‘quvchilarining 12 nafari va o‘qituvchilarning 5 nafari Koreya ta’lim vaziri tomonidan imzolagan sertifikatlar hamda sovg‘alar, iqtidorli o‘quvchilardan bir nafari faol ishtiroki uchun medal bilan taqdirlandi. Maktab bitiruvchilarining 2 nafari grant asosida Koreyadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olmoqda. Ilg‘or tajribaga ega mahoratli koreys tili o‘qituvchilari esa 3 yildan buyon “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelmoqda.
Qisqa muddat ichida erishilgan bu kabi salmoqli yutuqlari tufayli 42-IDUM Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublikasi Ta’lim markazi tomonidan “Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha namunali maktab” deb topildi.
Maktab hayoti bilan tanishish jarayonida koreyalik mehmonlar “Milliy madaniyat darslari”da ishtirok etdi. Ushbu darslar orqali koreyalik o‘quvchilarga milliy kiyimlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz, milliy qo‘shiq va raqslar, o‘yinlarimiz haqida ko‘rgazmali tarzda taqdimotlar qilindi.
Ayniqsa, milliy taomlar bilan tanishishga bag‘ishlangan mahorat darsi mehmonlar uchun nihoyatda qiziqarli va zavqli kechdi. Maktabning texnologiya fani o‘qituvchilari yordamida ular qovurilgan somsa va kabob taomlarini o‘z qo‘llari bilan tayyorlab ko‘rishdi.
Bu jarayon ikki millat o‘quvchi va o‘qituvchilarini bir-birlariga yanada yaqinlashtirdi. Ular orasidagi iliq do‘stona muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari