O‘zbekiston - Koreya munosabatida yangi sahifa ochilmoqda
Ma’lumki, Janubiy Koreya bilan munosabat Yangi O‘zbekiston diplomatiyasida eng barqaror, sermazmun va natijador yo‘nalishlardan biri sifatida ajralib turadi. O‘ziga xos jihati faqat siyosiy muloqot yoki iqtisodiy manfaat bilan chegaralanmaydigan ayni hamkorlik xalq diplomatiyasi, mehnatsevarlik madaniyati, modernizatsiya tajribasi, texnologiya taraqqiyoti, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash va inson kapitalini rivojlantirish va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olgan keng qamrovli sheriklik modeliga aylangan.
O‘zbekiston uchun Koreya Respublikasi – qisqa tarixiy davr ichida agrar jamiyatdan yuqori texnologiyali sanoatlashgan davlatga aylangan muvaffaqiyatli modernizatsiya namunasi. Koreya uchun esa O‘zbekiston – Markaziy Osiyo yuragida joylashgan, yirik demografik salohiyat, boy tabiiy resurs, ochiq iqtisodiy islohot dasturi va mintaqaviy transport-logistika imkoniyatiga ega strategik hamkor. Aloqalarning yana bir muhim poydevori yurtimizda istiqomat qilayotgan koreys diasporasidir. Ma’lumotga ko‘ra, diyorimizda qariyb 180 000 koreys yashaydi. Bu omil ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy-madaniy yaqinlikni mustahkamlovchi noyob ijtimoiy ko‘prikdir.
O‘zbekiston va Koreya sherikligi jarayoni o‘zaro ishonch, siyosiy muloqot, iqtisodiy manfaat va texnologiya hamkorligi izchil chuqurlashayotganini ko‘rsatadi. Siyosiy-diplomatik yutuqlarning tub ildizi umumiy ishonch, muntazam muloqot va amaliy natijadorlikka asoslangan.

So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari, hukumatlar, parlamentlar, tashqi ishlar vazirliklari va sohaviy idoralar o‘rtasidagi aloqalar muntazam tus oldi. Eng muhimi, muloqotlar faqat diplomatik bayonot bilan cheklanmay, amaliy loyiha, sarmoyaviy dasturlar, texnologiya hamkorligi va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan aniq natija bilan mustahkamlanmoqda.
Munosabatning bugungi bosqichi “alohida strategik sheriklik” tushunchasi bilan tavsiflanadi. Bu oddiy diplomatik ibora emas. Mazkur maqom siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, texnologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va inson kapitali kabi ko‘plab yo‘nalishlardagi hamkorlik chuqur va uzoq muddatli xususiyatga egaligini bildiradi. 2024-yilgi oliy darajadagi muzokarada Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi uch yil uchun O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish zarurligini ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonni “ikki mamlakat yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi. Shu asosda O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologiya xabi yaratish bo‘yicha strategik dastur tayyorlash vazifasi belgilandi.
O‘ta muhim mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, yarim o‘tkazgich sohasida hamkorlik, kimyo sanoati, “yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma modernizatsiyasi, shaharsozlik, qayta tiklanadigan energetika va energiya samaradorligi mazkur strategik kun tartibining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Shuningdek, Jizzax viloyatida KIA avtomobilini yig‘ish tizimi ishga tushirilgani, kelgusida yiliga 60 000 dan ko‘p sedan ishlab chiqarish rejalashtirilgani qayd etildi.
Ayni yondashuv O‘zbekiston – Koreya munosabatidagi muhim sifat o‘zgarishini anglatadi. Endi hamkorlik faqat investitsiya jalb qilish yoki tayyor mahsulot import qilish bilan cheklanmaydi. Binobarin, ikki davlat qo‘shma texnologiya zanjirini yaratish, mahalliy kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish va O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyali sanoat markaziga aylantirish yo‘lida hamkorlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatlar iqtisodiyoti barqaror o‘sish jarayonini boshdan kechirmoqda. 2025-yil o‘zaro savdo aylanmasi 1,7 milliard dollarni tashkil etdi, Janubiy Koreya O‘zbekistonga kiritgan sarmoya 7,7 milliard dollarga ketdi. May oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilganda joriy yil boshidan tovar aylanmasi qiymati 12 foiz oshgani, mamlakatimizda 1000 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani va Koreya investitsiyasi 8 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Bu raqamlar Koreya iqtisodiyotimiz modernizatsiyasida eng muhim investitsiyaviy va texnologik sheriklardan biri ekanini ko‘rsatadi.
Koreya kapitali, avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tarmoqlarga yo‘naltirilayotgani bilan ahamiyatli. Avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, energetika, to‘qimachilik, infratuzilma, qurilish, logistika, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiya shular jumlasidan.
Yana bir e’tiborli jihat: sog‘liqni saqlash yo‘nalishida Koreya bilan hamkorlik ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda namoyon. Koreya tomoni bilan hamkorlikda qurilgan zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi samarali sheriklik namunasi sifatida tilga olinadi. 2024-yilgi muzokarada kattalar uchun shifoxona va onkologiya klinikasini birlashtirgan tibbiy klaster loyihasini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Zero, ikki mamlakat hamkorligi nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki inson salomatligi va ijtimoiy farovonlikka ham xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston – Koreya munosabatining eng muhim xalqona asosi madaniy yaqinlik va xalq diplomatiyasidir. Diyorimizda yashayotgan koreys diasporasi o‘zaro do‘stlikning tabiiy ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi. Koreys diasporasi vakillari yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy hayotida faol ishtirok etib keladi. Ularning jamiyatimizga integratsiyalashuvi O‘zbekistondagi bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va madaniyatlararo muloqot siyosatining yaqqol in’ikosidir.
1999-yildan buyon “O‘zbekiston – Koreya” do‘stlik jamiyati faoliyat yuritib kelmoqda. Toshkentda 1992-yildan beri Koreya ta’lim markazi ishlaydi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida koreys tili va madaniyati markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Madaniy aloqalarning amaliy ko‘rinishi sifatida O‘zbekistonda koreys milliy bayramlari va madaniy tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinadi. Masalan, 2025-yil 4-oktabr kuni Koreya madaniyati va san’ati saroyi binosida “Chxusok-2025” bayrami keng nishonlanib, konsert dasturi, milliy taomlar sayli, ijodiy mahorat sabog‘i va ko‘rgazma tashkil etildi. Bugun koreys filmlari, zamonaviy dizayn, raqamli kontent, koreys tili va gastronomiyasi yoshlarimiz orasida jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda. O‘z navbatida, maqom san’ati, tarixiy shaharlarimiz, hunarmandlik, milliy liboslar, adabiyot va turizm salohiyati Koreya jamoatchiligi uchun jozibador.
Shu ma’noda O‘zbekiston – Koreya munosabati nafaqat ikki davlat manfaati, balki Markaziy Osiyoda innovatsion taraqqiyot, sanoat modernizatsiyasi, inson kapitali rivoji va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim hamkorlik modelidir.
Davlatimiz rahbarining Janubiy Koreyaga bu galgi tashrifi ikki mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Tashrif Toshkent va Seul o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni siyosiy muloqotdan yuqori texnologiyali iqtisodiyotga, madaniy yaqinlikdan ilmiy-innovatsion hamkorlikka eltuvchi yangi imkoniyat maydoniga aylantiradi.
Fazilat Nurmetova,
O‘zbekiston Jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
katta o‘qituvchisi