O‘zbekiston jamoasi xalqaro “Inter-American Human Rights Moot Court Competition” musobaqasida yuqori natija qayd etdi
Vashington shahrida 31-marotaba o‘tkazilgan nufuzli “Inter-American Human Rights Moot Court Competition” xalqaro musobaqasida "Tashkent State University of Law" jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
50 dan ortiq jamoalar qatnashgan mazkur xalqaro musobaqada TDYU IAMOOT jamoasi barcha raundlarni muvaffaqiyatli yakunlab, yakuniy natijalarga ko‘ra, “Mario López Garelli” sovrini bilan taqdirlandi hamda musobaqaning “Eng yaxshi jamoasi” deb e’tirof etildi.
Shuningdek, universitet jamoasi tanlovning yarim final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, final yo‘llanmasi uchun bahslarda ham ishtirok etdi. E’tiborlisi, Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘’basi o‘qituvchisi Asilbek Mo‘minov rahbarligidagi talabalar — Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti talabasi Mehrojbek Maxmudov hamda Jinoiy odil sudlov fakulteti talabasi Diyorbek Davronov mazkur musobaqada Markaziy Osiyodan ishtirok etgan birinchi va yagona jamoa sifatida universitet sharafini munosib himoya qildi.
Musobaqa davomida O‘zbekiston jamoasi Singapur, Braziliya, Kolumbiya, Amerika Qo‘shma shtatlari, Belgiya va boshqa qator davlatlardan tashrif buyurgan jamoalarga qarshi bahs olib bordi. Mazkur natija orqali TDYU jamoasi a’zolariga American University Washington College of Law'da LL.M. dasturi bo‘yicha tahsil olish uchun 50 foizlik ta’lim granti ham taqdim etildi.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA