O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ichki taraqqiyotni rag‘batlantirish barobarida mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini ham mustahkamlamoqda.
Shu bois ko‘plab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari yurtimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, investitsiya va turizm uchun qulay muhit yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan faol sa’y-harakatlarga e’tibor qaratmoqda.
Jahon matbuoti diyorimizdagi yangilanishlarni turli rakursdan tahlil qilar ekan, respublikamizning barqaror rivojlanish modeliga alohida urg‘u bermoqda.
Xalq gazeti: Davlat boshqaruvida yangi avlod rahbarlari tayyorlanmoqda

Ozarbayjonning “Xalq gazeti” nashri O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlashga qaratilgan islohotlarga bag‘ishlangan material e’lon qildi. Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar siyosatini zamonaviy talablar asosida qayta shakllantirish masalaci muhokama qilingani qayd etilgan. Nomzodlarni baholashda an’anaviy yondashuv o‘rniga raqamli texnologiyaga asoslangan 100 ballik tizim, sun’iy intellekt va ulkan ma’lumot tahlilidan foydalanish rejalashtirilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, 2030-yilga qadar yuqori salohiyatli 1500 nafar rahbar kadr zaxirasini shakllantirish, xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun yangi raqamli platforma ishga tushirish hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yoritilgan.
Trend.az: Madaniy muloqot O‘zbekiston va Ozarbayjonni yanada yaqinlashtirmoqda

Ozarbayjonning “Trend.az” agentligi Ganja shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ozarbayjon san’atkorlari ishtirokidagi qo‘shma konsert dasturi haqida xabar berdi. Materialda mazkur tadbir ikki mamlakat madaniy aloqasini yanada mustahkamlashi qayd etilgan.
Muallif ta’kidlashicha, ikki xalqni mushtarak tarix, milliy qadriyat va boy musiqiy meros birlashtirib turadi. Shu bois bunday madaniy loyihalar nafaqat ijodiy hamkorlik, balki yosh avlodning milliy merosga hurmatini mustahkamlash va gumanitar muloqotni kengaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Pakistan Today: O‘zbekiston va Belarus sanoat hamkorligining yangi bosqichi

“Pakistan Today” nashri O‘zbekiston va Belarus munosabatlari so‘nggi yillarda sanoat kooperatsiyasi, investitsiya va o‘zaro savdo sohacida yangi bosqichga ko‘tarilayotganini tahlil qildi.
Materialda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017-2025-yillari bir necha barobar o‘sgani, 2030-yilga qadar savdo va xizmat aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani aytilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida baholangan.
Muallif fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va ichki bozor imkoniyati kengayishi Belarus korxonalari uchun yangi istiqbol yaratayotgan bo‘lsa, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari ikki mamlakat iqtisodiy sherikligini yanada mustahkamlaydi.
MENA News: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosini jahonga keng targ‘ib etmoqda

Yaqin Sharqning “MENA News” axborot platformasi Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi hamda Samarqand va Termizda tashkil etilgan ilmiy anjuman haqida batafsil material e’lon qildi.
Nashrda forum 46 mamlakatdan yuzlab olim, din arbobi va xalqaro tashkilot vakilini to‘plagani, tadbir yakunida ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘nlab kelishuv imzolangani qayd etilgan. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy merosi chuqur o‘rganilayotgani, Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi hamda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrashga qaratilgan tashabbusi yuqori baholangan.
Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi butun musulmon olami uchun muhim ilmiy va madaniy muloqot maydoniga aylanayotgani ta’kidlangan.
APP: O‘zbekiston – xalqaro gumanitar muloqot markazi

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” agentligi Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga murojaat qabul qilganini yoritdi.
Nashrda 50 ga yaqin mamlakat vakili O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholagani qayd etilgan. Shuningdek, forum yakuni asosida qabul qilingan deklaratsiya va “yo‘l xaritasi” uzoq muddatli xalqaro hamkorlik uchun mustahkam asos yaratishi ta’kidlangan.
Muallif fikricha, Toshkent, Samarqand va Termizda o‘tkazilgan forumlar Markaziy Osiyoning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro hamjamiyatga yanada yaqinlashtiradi. Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alyansini tashkil etish tashabbusi esa O‘zbekistonning mazkur sohadagi xalqaro tashabbuskor davlat sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
D.Hakimov, O‘zA