O‘zbekiston – Isroil: ta’lim tizimida hamkorlik
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Isroil davlatidagi Ariel univeritetida tashkil etilgan forumda qatnashdi.
– Forumda XXI asrda akademik hamjamiyat oldida turgan global muammolarni birgalikda hal qilish imkonini beradigan dolzarb masalalar muhokama qilindi, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev. – Shuningdek, tajriba, yangi g‘oya va tashabbuslar almashildi. Istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Rektor boshchiligidagi delegatsiya a’zolаri Ariel universiteti kampusining infratuzilmasi bilan tanishdi. Universitet rektori, rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, laboratoriyalar va simulyatsiya markazi faoliyati o‘rganildi. Ikki oliygoh vakillari o‘zaro hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazish, immuno-gistokimyo laboratoriyasini GMP va GLP standartlari bo‘yicha jihozlashda Isroil amaliyotini joriy qilish masalalari, simulyatsiya markazi faoliyatini o‘rganish va BuxDTI simulyatsiya markazi faoliyatiga tatbiq etish, shu bilan birga hamkorlikda 2 ta qo‘shma ta’lim dasturini ochish, bundan tashqari, magistratura, klinik ordinatura, doktorantura talabalarining va professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish, qisqa va uzoq muddatli stajirovkalari hamda akademik mobillik doirasida almashinuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.


Ma’lumot uchun, Buxoro davlat tibbiyot instituti Isroilning Ariel universiteti bilan hamkorlik aloqalarini 2022 yil sentyabr oyidan boshlab yo‘lga qo‘ygan. O‘shanda Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “Birinchi O‘zbekiston-Isroil akademik forumi” da ishtirok etgan Isroilning Ariel universiteti rektori Albert Pinxasov institutga tashrif buyurib, rektor Shuxrat Teshayev bilan muzokaralar olib borgan edi.
Zarif Komilov, O‘zA