O‘zbekiston investitsiyalar mamlakatiga aylanmoqda
– Eshitdingizmi, yaqinda avtomobillar narxi tusharkan, – deb qoldi qo‘shnim Mehrixon ishdan qaytayotib gurunglashib turganlarga yaqinlasharkanman.
– Faqat mashina emas, maishiy texnika vositalari, kiyim-kechak ham, – qo‘shimcha qildi Lolaxon.
– Ha, xitoyliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvni yo‘lga qo‘yisharkanda, – jo‘yali fikr chiqdi Surayyodan.
Hamsoyalar suhbatiga guvoh bo‘lib uyga kirarkanman, bunday yangiliklar yurtimizga investitsiya oqimi tezlashishi bilan bog‘liqligidan faxrlandim.

Yodimda, shu yil 16 yanvar kuni Prezidentimiz investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. O‘shanda davlatimiz rahbari investitsiya samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
– Bu iqtisodiyotimiz o‘sishiga jiddiy turtki beradi. Kafolatli xarid hisobiga, juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratiladi, valyuta tejaladi va yondosh sohalar rivojlanadi. Buni hokimlar yaxshi tushunib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil qilish kerak, - degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, mamlakatimizdagi ochiqlik, kuchli investitsiya siyosati tufayli iqtisodiyotimiz barqaror o‘syapti. Xususan, 2024 yi yalpi ichki mahsulot 6,5 foiz oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiya 1,6 barobar ko‘payib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirildi. Eksport miqdori ilk bor 27 milliard dollarga ko‘tarildi.
Keyingi payt ijtimoiy tarmoqda tarqalayotgan yurtimizda “xitoyliklar ko‘payib ketayotgani” haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov O‘zbekistonga XXR qatori Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabi mamlakatlardan ham ko‘plab sarmoyadorlar kirib kelayotgani, bu rivojlanayotgan davlat uchun odatiy jarayon ekanini qayd etib, aholini turli ig‘volarga berilmaslikka chaqirdi.
Hukumat rasmiysi “respublikamizda xitoyliklar ko‘payib ketayotgani, go‘yoki O‘zbekiston yerlari Xitoyga o‘tib ketayotgani” xususidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi. Ya’ni, O‘zbekiston avvalgidek yopiq davlat emasligini ta’kidlab, odamlardan biroz toqatli bo‘lish, turli noxolis va asossiz axborotlarga uchmaslikni so‘radi.
Hozir butun dunyoda investitsiya ko‘chishi kuzatilmoqda. Prezidentimiz sa’y-harakati bilan bizning iqtisodiyotimiz ham jadal rivojlanyapti. Ochiq va pragmatik siyosat olib borilayotgan mamlakatimizga ko‘plab sarmoyadorlar kirib kelmoqda.
Shu bilan birga o‘zbekistonlik tadbirkorlar yoki migrantlar turli davlatlarda xususan, Xitoyda ham faoliyat yuritmoqda. Hozir dunyoning istalgan mamlakatida o‘zbek mahallalaridan tortib, nomi ona tilimizda yozilgan do‘konlar, milliy oshxonalarimiz juda ko‘p.
Xitoy esa aholi soni bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinda turadi. Hatto, G‘arbiy Yevropa, Shimoliy Amerikada ham ulkan diasporalariga ega. Binobarin, hech kim bundan biror xavf ko‘rmaydi. Shunday ekan, bu borada biz uchun ham hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
O‘zbekistonning tarixiy va yaqin hamkori, strategik sherigi sifatida Xitoy hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni hurmat qiladi hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto bu bo‘yicha alohida shartnoma ham imzolangan. Demak, vahima ko‘tarishga hech qanday asos yo‘q.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA