O‘zbekiston-Hindiston: ko‘p qirrali hamkorlik
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hindistonlik milliarder sanoatchi, ichimliklar ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida faoliyat yurituvchi RJ Corp konglomeratining asoschisi va raisi Ravi Jaipuriya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Botir Zaripov mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutladi. Muloqot jarayonida hindistonlik ishbilarmonlarga O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar, xorijiy investorlar uchun mavjud keng imkoniyat va qulayliklar, berilayotgan imtiyozlar hamda barcha sohalardagi istiqbolli va o‘zaro manfaatli loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan kelib chiqib, ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi masalalar, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, Buxoroda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bunda Hindistondan investitsiyalarni jalb qilish va munosabatlarning yangi yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Ravi Jaipuriya mamlakatimizning tarixi, madaniyati va urf-odatlari haqida ko‘p o‘qiganini aytib, O‘zbekiston va Hindiston tarixiy va madaniyat jihatdan uzviy bog‘liqligini ta’kidladi.

Hindistonlik tadbirkor ko‘plab sohalar, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, savdo va ishlab chiqarish, turizm, ayniqsa, mehmonxona xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston va Hindistonni savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda yaqin hamkorlar ekani va do‘stona aloqalar yanada rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.
Xuddi shu tartibda hamkorlikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Investitsiyaviy sheriklik fonida bugungi kunda hududlarning iqtisodiy hamkorligini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar va ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Shu kunlarda Buxoro shahrining G‘ijduvon ko‘chasida “FE Metric Ventures LLC” kompaniyasi tomonidan besh yulduzli mehmonxona qurish ishlari davom etmoqda. Muloqotda mazkur loyihaning istiqboli haqida ham so‘z bordi.

-Biz Buxoroda xorijiy sarmoya va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishdagi doimiy hamkorligingiz, bebaho yordamingiz uchun samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Hamkorlikdagi loyihamiz Buxoroning madaniyat, savdo va turizmning jozibador markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashiga ishonamiz. Qolaversa, biz loyiha bo‘yicha ishlarni yanada rivojlantirish va mintaqadagi investitsiya tashabbuslarimizni yanada kengaytirish tarafdorimiz, - dedi “FE Metric Ventures LLC” kompaniyasi raisi Murari Lal Jalan.
Viloyat rahbari hindistonlik investorlarning mazkur loyihalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishni tezlashtirish hududning sayyohlimk salohiyatini yanada oshirishi ta’kidladi. Samimiy va ishchan ruhda kechgan muloqot yakunida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA