O‘zbekiston-Germaniya: poytaxtimizda zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari barpo etiladi
Toshkent shahrining energiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi va sanoat korxonalarini elektr hamda issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ, Germaniyaning “DZ BANK AG Deutsche Zentral-Genossenschaftsbank” moliya instituti hamda “O‘zbekenergota’mir” AJ o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi.
Memorandumga muvofiq, poytaxtdagi 1-son va 3-son issiqlik markazlarida zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari barpo etiladi. Har bir qurilmaning ishlab chiqarish quvvati 20 MVt elektr energiyasi va soatiga 18,5 Gkal issiqlik energiyasini tashkil etadi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida elektr va issiqlik energiyasini bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish samaradorligi sezilarli darajada oshadi. Shuningdek, tabiiy gaz sarfi qisqaradi, energiya resurslaridan yanada oqilona foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Bu esa iste’molchilarni energiya bilan ishonchli va uzluksiz ta’minlash, ayniqsa kuz-qish mavsumida tizim barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangi kogeneratsiya texnologiyalari atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilarni ham kamaytirishga yordam beradi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ tomonidan energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha ushbu yo‘nalishdagi navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA