O‘zbekiston – Finlandiya hamkorligi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Finlandiya tashqi ishlar vazirligi departamenti Bosh direktori M.Liivala bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida savdo, energetika, to‘qimachilik sanoati, AKT va sog‘liqni saqlash sohalarida O‘zbekiston – Finlandiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Finlandiya tomoni Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasining maslahat qo‘mitasi ishida faol ishtirokini davom ettirishini bildirdi. Shuningdek, Finlandiyaning bir qator donor tashkilotlari, moliya institutlari va xususiy kompaniyalaridan qo‘shimcha mablag‘ jalb etishga tayyorligi qayd etildi.

O‘zbekiston tomonining ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishini rag‘batlantirish, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Finlandiyada xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish taklifi qiziqish bilan qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida yaqin kelajakda bo‘lib o‘tadigan iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum doirasida munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zA