O‘zbekiston fermerlari kengashi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkilish tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlanadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar yuklatiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda "Online mahalla" platformasida aniq va batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo‘yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va ularni kambag‘allikdan chiqarish;
mahallalarda har bir aholi tomorqasidan maqsadli va samarali foydalanish, jumladan, yerni tayyorlash, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish bo‘yicha ishlarni tashkil etish va yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar va chora-tadbirlarning ijrosi ustidan qat’iy nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;
suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarda sug‘orish tizimini yaxshilash hamda yetakchi eksportchi tadbirkorlarni jalb qilish orqali aholi tomorqalarida bir xil tur va standartdagi eksportbop mahsulotlar yetishtirishni ta’minlash;
tomorqalar va uzoq muddatga ijaraga berilgan ekin yer maydonlaridan foydalanishda aholi va yetakchi tadbirkorlarning ko‘p yillik tajribasi va ko‘nikmalari hamda hududning tabiiy va iqlim sharoitidan kelib chiqib, tashqi va ichki bozorlarda xaridorgir mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni chuqurlashtirish;
yetakchi eksportchi tadbirkorlar salohiyatidan tomorqalarda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlarni yetishtirish bilan birga aholining tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish va bank mijoziga aylanishiga ko‘maklashish maqsadlarida ham foydalanish amaliyotini kengaytirish;
aholi tomorqalarida energotejamkor, yashil yondashuvlar asosidagi issqxonalar qurish, kichik intensiv bog‘lar barpo etish va innovatsion sug‘orish texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish.
Farmonga muvofiq, Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash tuziladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xujaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida O‘zbekiston fermerlari kengashi huzurida Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha hokim yordamchisi tomonidan hududning iqlim sharoitini inobatga olgan holda har chorakda o‘tkaziladigan monitoring natijasida ekin to‘liq ekilmagan yoki qarovsiz qoldirganlik holati aniqlanganda tajriba tariqasida (fors-major holatlari bundan mustasno):
a) tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar berilmaydi;
b) Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar to‘xtatiladi;
v) "Online mahalla" elektron platformasi ma’lumotlari asosida ekin ekilmaganligi aniqlangan yil uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi. Bunda:
berilayotgan imtiyozlarni vaqtinchalik to‘xtatish, qayta tiklash va oshirilgan soq stavkalarini qo‘llash "mahalla yettiligi" xulosasiga asosan amalga oshiriladi va tegishli ma’lumotlar “Online mahalla" elektron platformasiga kiritib boriladi;
tomorqa va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni ekin ekiladigan maydonlariga ekin ekilgan taqdirda, "mahalla yettiligi" kafilligi bilan barcha imtiyozlar va amaldagi soliq stavkalari tiklab beriladi.
O‘zA