O‘zbekiston delegatsiyasi Bavariyada dual ta’lim tizimi tajribasini o‘rgandi
Har qanday hamkorlik zamirida ishonch yotadi. Shu ma’noda mamlakatimizda barcha sohalarda yo‘lga qo‘yilayotgan xalqaro hamkorliklar siyosatimiz va islohotlarimizga bo‘lgan ulkan ishonch ifodasidir.
Ana shunday muhim hamkorliklarning izchil davomi o‘laroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mamlakatimizning muhandislik oliy ta’lim tashkilotlari rektorlaridan iborat delegatsiya Germaniyaga tashrif buyurdi.
Mazkur delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirojev boshchilik qildi. Muzokaralar doirasida Bavariya federal hududi poytaxti Myunhen shahrida dual ta’lim tizimini o‘rganish yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Delegatsiya a’zolari Bavariya iqtisodiyoti assotsiatsiyasi qoshidagi Milliy iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari va bosh direktori Folker Lyaynvebe bilan muloqot qilib, Germaniyaning dunyoda eng samarali va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modellaridan biri hisoblangan dual ta’lim tizimining huquqiy asoslari, boshqaruv mexanizmlari hamda ta’lim sifati nazorati bo‘yicha tajribasini o‘rgandi.

Uchrashuv davomida talabalarni bir vaqtning o‘zida ta’lim muassasasida nazariy bilimlar va ishlab chiqarish korxonalarida amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash, malakani baholash va sertifikatlash tizimi o‘rni, korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari hamda ushbu modelni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ta’lim tizimi kadrlarini tayyorlash va sertifikatlash, ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha Bavariya tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
– Dual ta’lim yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish va bandligini ta’minlashning eng samarali vositalaridan biridir. Bavariyada o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish ustida ishlaymiz, – dedi Ilhom Sirojev.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Sherbek Islomov, O‘zA