Özbekiston dehqon va fermerlari hamda barça qişloq xöjaligi xodimlariga
Qadrli vatandoşlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, klaster xodimlari, dala mehnatkaşlari!
Siz, azizlarni Yangi Özbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod yuksak paxta xirmoni bunyod etib, rekord natijaga erişganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, sizlarning fidokorona mehnatingiz, jasorat va matonatingiz bilan qölga kiritilgan bu tarixiy ğalaba butun xalqimizning ğalabasi. Bu – paxtaçilik sohasidagi Yangi Özbekiston möʼjizasidir.
Bu yutuqning ijodkori sizlar – azamat dehqon va fermerlarimiz, mohir agronom, suvçi, mexanizator, olim va mutaxassislarimiz, klaster xodimlari, desak, adolatli fikrni aytgan bölamiz.
Fursatdan foydalanib, barçangizga öz nomimdan, butun xalqimiz nomidan çuqur minnatdorlik bildirib, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Sizlar bilan butun xalqimiz faxrlanadi, ğururlanadi.
Ayniqsa, iqlim özgarişi bilan boğliq qiyinçiliklar yanada kuçaygan joriy yilda paxta xomaşyosini yoğin-soçinli kunlarga qoldirmasdan, sohaning içki imkoniyatlari hisobidan yuksak sifat bilan yiğib-terib olganingiz tahsinga munosibdir.
Bu haqda gapirganda, beixtiyor paxtaçilik el-yurtimizga manfaat emas, balki azob-uqubat va oxir-oqibatda “özbek işi” degan quruq tuhmat olib kelgan oğir kunlarni eslaymiz. “Kim edigu kim böldik?” degan fikr albatta xayolimizdan ötadi.
Çindan ham, sobiq sovet davrida, xususan, 1980-yillarda respublikamizda paxta yetiştiriş uçun qariyb 2 million gektar yer ajratilgan, örtaça hosildorlik esa 30 sentnerdan oşmas, natijada dehqonning kosasi oqarmas edi.
Mustaqillikning dastlabki davrida, xususan, 2000-yilga kelib 1,4 million gektar yerga çigit ekilib, Özbekiston böyiça jami 3 million tonna paxta terib olingan.
Biz keyingi yillarda tarmoqni öta oğir ahvoldan olib çiqiş uçun avvalo çigit ekiladigan maydonlarni 38 foizga qisqartirib, paxta monopoliyasiga barham berdik. Öqituvçi, talaba va öquvçilarni, byudjet taşkilotlari xodimlarini dala işlariga jalb etişga çek qöydik. Sohani ilm-fan yutuqlari, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida rivojlantirişga ustuvor ahamiyat qaratdik. Boşda bunga işonmasdan, şubha bilan qaraganlar ham böldi. Ammo tanlagan yölimiz naqadar töğri ekanini bugun hayotning özi, bu yilgi natijalarimiz yaqqol tasdiqlamoqda.
Ötgan davrda paxtaçilikda hosildorlik 2,7 karra oşib, 21 sentnerdan 56 sentnerga yetgani şu borada qanday katta yuksaliş yölini bosib ötganimizni körsatib turibdi.
Suv tejovçi texnologiyalarni keng joriy etganimiz hisobidan suv sarfi 1990-yillarga nisbatan 2 karra kamayib, har bir kub metr suv evaziga olinayotgan hosil miqdori oşib borayotgani biz uçun ğoyat muhimdir.
Bu yil ekiş sxemalari özgartirilib, köçatlar soni 2-3 karra oşirilgani, kösak qurti va gerbitsidga çidamli yangi biotexnologik navlar joylaştirilgani ham özini oqladi. Bu özgarişlarning amaliy samarasini qariyb 400 ming gektar yerda örtaça hosildorlik 70 sentnerga yetgani, salkam 70 ming gektarda 100-110 sentnergaça hosil olingani misolida yaqqol köriş mumkin.
Heç şubhasiz, bunday yutuqlar qatorida 1 mingga yaqin fermer xöjaliklari va klasterlar örtaça 100 sentnerlik va undan ham yuqori marralarni zabt etganlari alohida örin tutadi. Bu haqda söz yuritganda, 4 mingdan ziyod fermerlarimiz hosildorlikni örtaça 60-70 sentnerdan, 2,5 ming nafari esa 80 sentnerdan oşirgani, ayniqsa, Paxtakor tumanidagi Anorboy Eşmatov va Jarqörğon tumanidagi Uluğbek Söpiyev har gektar yerdan 110 sentnerdan hosil olişganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.
Mingbuloq tumanidagi “Burgut polvon”, Navbahor tumanidagi “Yahyo bobo”, Boyovut tumanidagi “Boyovutlik Humoyun”, Bekobod tumanidagi “Otabek Zilola”, Oqqörğon tumanidagi “Murod”, Gurlan tumanidagi “Ixlosbek”, Hazorasp tumanidagi “Yakub Annazar” hamda Tuproqqalʼa tumanidagi “Gulçaros Munisa” fermer xöjaliklari ham hosildorlikni 100 sentnerdan oşirdilar.
Jizzax, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida hosildorlik 60 sentnerdan köproqni taşkil etgani ham paxtaçiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan yoziladi.
Öta oğir ekologik hududda hosildorlikni ötgan yillarga nisbatan 10-15 sentnerga oşirib, 400 ming tonnadan ortiq xirmon bunyod etgan Qoraqalpoğiston paxtakorlarini çin qalbdan qutlaşdan mamnunman.
Hosildorlikni 70 sentnerdan oşirgan Mirzaobod va Xovos tumanlari, 55-70 sentnerga yetkazgan Mirzaçöl, Paxtakor, Qiziltepa, Uçqörğon va Peşku, Jalaquduq, Vobkent, Jondor, Romitan, Olot, Arnasoy, Töraqörğon, Uyçi, Boğot, Xonqa, Hazorasp, Jarqörğon va Yangibozor, Amudaryo, Baliqçi, Marhamat, Paxtaobod, Döstlik, Kökdala, Navbahor, Mingbuloq, Çortoq, Paxtaçi, Kattaqörğon, Qumqörğon, Boyovut, Oqqörğon, Böka, Bekobod, Piskent, Yuqoriçirçiq, Bağdod, Quva, Gurlan va Qöşköpir tumanlari mehnatkaşlari boşqalarga namuna böldilar.
Eng katta – 110 ming tonnalik xirmon barpo etgan Koson, şuningdek, Mirişkor (105 ming), Kasbi (95 ming), Nişon (90 ming), Mirzaçöl (85 ming), Mirzaobod (81 ming), Döstlik (77 ming), Amudaryo (76 ming), Oqoltin (72 ming), Pastdarğom (71 ming), Paxtakor (68 ming), Mingbuloq va Quyiçirçiq (62 ming tonnadan), Boyovut va Jondor (60 ming tonnadan), Bekobod (58 ming), Gurlan va Romitan (57 ming tonnadan), Vobkent va Kattaqörğon (56 ming tonnadan), Xonqa (52 ming tonna) kabi tumanlar ham ilğorlar safidan munosib joy egalladi.
Biz oqila, taşkilotçi ayollarimiz rahbarlik qilayotgan Olot va Böston tumanlarida hosildorlik örtaça 55-60 sentnerga yetkazilganini alohida qadrlaymiz.
Bu yil yetiştirilgan hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta teriş maşinalari yordamida 30-35 kunda terib olingani, mexanizatsiyalaştiriş darajasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 100 foizga yetkazilgani, boşqa hududlarimiz ham şu marraga yaqinlaşib kelayotgani odamlarni oğir mehnatdan xalos etiş yölidagi islohotlarimizning muhim natijasidir.
Paxtaçilik kengaşi taşkil etilgani, olimlarimiz tomonidan noanʼanaviy texnologiyalar qöllanilgani hamda raqamlaştiriş, dronlardan foydalaniş orqali sarf-xarajat ikki barobar kamaytirilgani ham bu yilgi yutuqlarni taʼminlaşda asosiy omil böldi. Şular qatorida davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy resurslardan oqilona foydalanilgani, tölov intizomi yaxşilanib, subsidiyalaş takomillaştirilgani, suğurta tizimi yaratilgani, bir söz bilan aytganda, tarmoqda tizim butunlay yangilangani yuqori natijalarga erişişda salmoqli rol öynadi.
Şu örinda yana bir muhim raqamga eʼtiboringizni qaratmoqçiman: bu yil fermerlarimiz paxtadan 13-14 trillion söm sof foyda olişi kutilmoqda. Şu asosda ular yil böyi qilgan maşaqqatli mehnati evaziga munosib daromad topişi, odamlarimizning hayoti yanada obod va farovon bölişi tabiiydir.
Albatta, ana şunday ulkan natijalarni taʼminlaşda qişloq xöjaligi rivojiga qaratayotgan doimiy eʼtiborimiz, dehqon va fermerlar, klasterlar, umuman, dalada işlayotgan har bir insonning öz mehnatidan manfaatdorligi, ertangi kunga işonçi hal qiluvçi ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtaram yurtdoşlar!
Qişloq xöjaligi sohasidagi strategik yölimizni amalga oşirişda biz, avvalo, sizlarga, agrotarmoqda faoliyat körsatayotgan 3,5 million nafardan ziyod mirişkorlarga tayanamiz. Sizlar uçun yana qanday qöşimça şaroit va imkoniyatlar yaratiş kerak bölsa, barçasini taʼminlab berişga tayyormiz.
Qişloq xöjaligining yuksak va barqaror taraqqiyoti – butun mamlakatimizning yuksak va barqaror taraqqiyotida ustuvor örin tutadigan omildir.
Yaqinda Toşkentda bölib ötgan Xalqaro paxta kuniga bağişlangan anjumanda 30 dan ziyod mamlakatdan kelgan olim va mutaxassislar biz erişayotgan yutuqlarni eʼtirof etib, Butunjahon paxtaçilik markazini aynan Özbekistonda taşkil etiş böyiça taklif bildirişgani albatta bejiz emas.
Kelgusi yilda serhosil uruğlik navlaridan foydalaniş, agrodron orqali işlov beriş, suv va energiya tejovçi texnologiyalar, sunʼiy intellektni qöllaş böyiça sizlarga yanada köproq şaroitlar yaratib, paxtadan örtaça hosildorlikni 65-70 sentnerga yetkazişni maqsad qilib qöydik. Ana şunday dolzarb vazifalarni muvaffaqiyatli ado etişda fermerlarimiz va klaster xodimlari olimlar, muhandis va mutaxassislar bilan birgalikda yanada katta kuç-ğayrat bilan mehnat qiladilar, deb işonaman.
“Öz” degan ezgu ğoyamiz zamirida mujassam bölgan öz işimiz, öz sözimiz, öz ğalabamizga işonç ruhi bilan olğa qarab borişdan heç qaçon töxtamaymiz!
Özbekiston paxtaçiligida yangi tarix yaratayotgan siz, azizlarni bugungi zafar bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barçangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinçlik, baxt va farovonlik tilayman.
Himmatingizga, qudratingizga balli, zahmatkaş va fidoyi yurtdoşlarim!
Şavkat Mirziyoyev,
Özbekiston Respublikasi Prezidenti