O‘zbekiston chempionati g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joriy yilning 20–25 dekabr kunlari faxriy sportchilar hamda para shaxmatchilar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa nafaqat yuqori mahorat sohibi bo‘lgan o‘yinchilarni bir joyga jamladi, balki yurtimizda shaxmat sportini yanada ommalashtirish, tajribali sportchilarni rag‘batlantirish va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Chempionat ishtirokchilari mamlakatning turli hududlaridan kelib, bir necha kun davomida keskin va qizg‘in bellashuvlarda o‘z bilim va tajribalarini namoyon etdilar. Partiyalar davomida har bir ishtirokchining o‘yin uslubi, strategik yondashuvi va musobaqaga tayyorgarlik darajasi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Faxriy shaxmatchilar o‘rtasidagi bellashuvda Jizzax viloyati vakili O‘ktam Sheraliyev o‘zining chuqur hisob-kitoblari va bosiq harakatlari bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyatidan Rahmon Umarov 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Andijon viloyati vakili Abdumutalib Vohidovga nasib etdi. Musobaqada faol ishtirok etib, barqaror natija ko‘rsatgan Ibrohim Xusanov (Andijon viloyati) “Eng yaxshi ishtirokchi” sifatida e’tirof etildi.

Erkaklar o‘rtasidagi para shaxmat bellashuvlari ham yuqori saviyada o‘tdi. Toshkent shahri vakili Sardor Mamarajabov muvaffaqiyatli o‘yini bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Navoiy viloyatidan Nurlan Otamurodovga, 3-o‘rin esa Jizzax viloyati vakili Bahodir G‘oyibnazarovga berildi.
Bellashuvlar davomida o‘zining tayyorgarligi, faolligi va intizomi bilan ajralib turgan sportchilar — Sunnatulla Mahmudov (Samarqand), Abray Hasanov (Surxondaryo), Amriddin Burhonov (Jizzax) va Rustam Abrayev (Surxondaryo) — “Eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyalariga loyiq deb topildi.

Ayollar o‘rtasida o‘tgan bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Selbi Kakishova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Toshkent viloyati vakili Aydana Abdullayevaga, 3-o‘rin esa Toshkent shahridan Iltifot Abdulmajidovga berildi. Musobaqadagi faol ishtiroki uchun Karomat Jo‘rayeva va Hadicha Ravshanova “Eng yaxshi ishtirokchi” sifatida taqdirlanishdi.
Tantanali taqdirlash marosimida Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov g‘olib va sovrindorlarni tabriklar ekan, bunday chempionatlar shaxmat sportini rivojlantirish, sportchilar malakasini oshirish va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri