O‘zbekiston bo‘ylab 58 ta yangi inklyuziv maktab quriladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Human Capability Initiative-2025” xalqaro forumida ishtirok etmoqda.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, forumning ilk kunidayoq, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 40 million dollarlik grant shartnomasi imzolandi. Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Muhammad al-Jassar bilan uchrashuvda ITB kelajak avlod uchun yaxshiroq ta’lim imkoniyatlari yaratishda O‘zbekiston hukumatining ishonchli hamkori bo‘lishdan mamnunligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni valiahdi, bosh vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud homiyligida har yili o‘tkaziladigan ushbu nufuzli tadbirda dunyoning turli nuqtalaridan kelgan ishtirokchilar ta’lim, iqtisodiyot, texnologiya sohasidagi muammolar, ularga innovatsion yechimlar topishga qaratilgan masalalarni muhokama qiladi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mazkur nufuzli tadbirga taklif etilgan yagona davlat.
Shuningdek, uchrashuv natijasida “Global Partnership for Education” (GPE) tomonidan ta’lim sohasida grant shartnomasi imzolandi. Loyihaning asosiy yo‘nalishlari respublikamiz bo‘yicha 58 ta yangi inklyuziv maktab qurilishi, maktablarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha dasturlar, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda maktabgacha ta’lim sifatini oshirishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA